Logo

Qozonda O'zbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalari hamkorligi bo'yicha komissiyasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi

Oktabr 17, 2025. 12:20 • 2 daq

94
Qozonda O'zbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalari hamkorligi bo'yicha komissiyasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 17-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Qozon shahrida O'zbekiston Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha komissiyaning o'ninchi majlisi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, unda O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, ta'lim, agrar va gumanitar sohalarda hududlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlik almashinuvini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, 2025-yilning yanvar–iyul oylarida O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi o'zaro savdo hajmi o'tgan yilga nisbatan 6,5 foizga o'sgan. O'zbekistonning eksport hajmi esa 17 foizga oshdi.

Bugungi kunda O'zbekistonda Rossiyaning 14 ta yetakchi oliy ta'lim muassasasi filiallari faoliyat yuritmoqda. Ularda 20 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

So'zga chiqqanlar O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi parlament diplomatiyasi bugungi kunda strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismiga aylanganini, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta'kidlab o'tdi.

Majlisda mintaqalar o'rtasidagi aloqalarning ahamiyatiga ham alohida to'xtalib o'tildi. Tatariston, Boshqirdiston, Moskva, Samara va Leningrad oblastlari misolida hududlararo hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qayd etildi. Parlament a'zolari bu tashabbuslarni qonunchilik jihatidan qo'llab-quvvatlash zarurligini ta'kidladi.

Shuningdek, qishloq xo'jaligida ekologik toza mahsulotlarni Rossiya bozoriga yetkazib berish, transport-logistika tizimini takomillashtirish va fitosanitariya talablarini soddalashtirish bo'yicha hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani ta'kidlandi.

Turizm almashuvini kengaytirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish, transport va viza tartibotlarini soddalashtirish kabi masalalarga e'tibor qaratildi.

Gumanitar sohadagi hamkorlik — madaniy almashinuvlar, yoshlar dasturlari va ayol parlament a'zolari o'rtasidagi muloqotni qo'llab-quvvatlash — ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi do'stlik va o'zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish