Logo

Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasida O'zbekistonning insonparvarlik sohasidagi tashabbuslari ilgari surildi

Oktabr 21, 2025. 16:13 • 2 daq

91
Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasida O'zbekistonning insonparvarlik sohasidagi tashabbuslari ilgari surildi

TOSHKENT, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O'zbekiston parlament delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoq 151-assambleyasining "Inqiroz sharoitida insonparvarlik me'yorlariga rioya qilish va insonparvarlik harakatlarini qo'llab-quvvatlash" mavzusidagi yalpi majlisida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, Senat Raisi o'z chiqishida dunyoda kechayotgan turli nizolar, inqirozlar va gumanitar tahdidlar millionlab insonlarning hayotiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatayotganini ta'kidladi. Bunday sharoitda parlamentlar insonparvarlik tamoyillarini ilgari surish va inson hayotini asrashda hal qiluvchi rol o'ynashi zarurligi alohida qayd etildi.

Assambleyada O'zbekistonning insonparvarlik sohasidagi tashabbuslari ilgari surildi. Ta'kidlanganidek, hozirgi kunda dunyo bo'ylab 120 dan ziyod qurolli to'qnashuvlar natijasida 310 millionga yaqin insonlar yordamga muhtoj bo'lib, bu insonparvarlik me'yorlariga rioya qilish masalasini yanada dolzarb etmoqda.

O'zbekiston xalqaro insonparvarlik harakatlarida faol ishtirok etib, notinch mintaqalardagi muhtoj aholiga uy-joy, tibbiy xizmat va ijtimoiy ko'mak ko'rsatish orqali amaliy yordam bermoqda. Bu sa'y-harakatlar mamlakatimizning insonparvarlik va xalqaro hamjihatlik tamoyillariga sodiqligini yaqqol namoyon etmoqda.

Majlis doirasida parlamentlar o'rtasida qonunchilik va raqamli hamkorlikni chuqurlashtirish, gumanitar resurslarni samarali va manzilli yo'naltirish, global tashabbuslarga moliyaviy ishtirokni kengaytirish, shuningdek, insonparvarlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga oid aniq takliflar ham ilgari surildi.

Ta'kidlanganidek, insonparvarlik – tinchlikning huquqiy kafolati, barqaror taraqqiyotning ma'naviy poydevoridir. Shu bois, bu jarayonda parlamentlarning roli tobora oshib bormoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish