Logo

O'zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Jenevada bo'lib o'tgan Parlament ayol a'zolari forumida ishtirok etdi

Oktabr 20, 2025. 17:29 • 2 daq

203
O'zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Jenevada bo'lib o'tgan Parlament ayol a'zolari forumida ishtirok etdi

TOSHKENT, 20-oktabr. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O'zbekiston parlamenti delegatsiyasi Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasi doirasida o'tkazilgan Parlament ayol a'zolari forumida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, forum "Birdamlik va ilhom: ayollarni o'z yo'lida qo'llab-quvvatlash" mavzusiga bag'ishlandi. Tadbir doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan global ahamiyatga doir masalalar muhokama qilindi.

Tanzilla Narbayeva o'z chiqishida xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

Shuningdek, forum ishtirokchilari Toshkent shahrida joriy yil aprel oyida bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yuksak darajada tashkil etilganini alohida qayd etib, mazkur anjuman doirasida o'tkazilgan Parlament ayol a'zolari forumining o'ziga xos o'rni va qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining tarixiy ahamiyatini e'tirof etdi.

Har bir ayolning ovozi, orzusi va global hamjamiyatning birdamlik ruhi haqida fikr yuritildi. Ta'kidlanganidek, O'zbekiston xotin-qizlarning salohiyatini ro'yobga chiqarishga qaratilgan kompleks yondashuvni ilgari surmoqda. Bu yo'nalishda parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish, bilim va yetakchilik imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, inqiroz sharoitida qolgan ayollarga amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha tashabbuslar bildirildi.

So'zga chiqqanlar xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi o'rnini mustahkamlash – bu faqat milliy manfaat emas, balki insoniyatning umumiy taraqqiyoti va tinchlikka erishish yo'lidagi strategik vazifa ekanini qayd etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish