Logo

2024-yilda respublikamiz uchun ustuvor bo'lgan 9 ta xalqaro reytingda O'zbekistonning o'rni yaxshilandi

Yanvar 18, 2025. 13:57 • 3 daq

423
2024-yilda respublikamiz uchun ustuvor bo'lgan 9 ta xalqaro reytingda O'zbekistonning o'rni yaxshilandi

TOSHKENT, 18-yanvar. /"Dunyo" AA/. Kecha poytaxtimizda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, yig'ilishni Oliy Majlis Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.


Yig'ilishda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-iyundagi Farmoni bilan xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimi takomillashtirilib, sohada parlament nazorati kuchaytirilgani aytib o'tildi.


Farmon bilan mazkur sohada bir qator yangi mexanizmlar amaliyotga joriy etilgani, xususan, mutasaddi vazirlik va idoralar tegishli xalqaro reyting hamda indekslarga biriktirilgani, har yili O'zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o'rni yaxshilanishi to'g'risidagi milliy ma'ruzani muhokama qilish tartibi joriy etilgani alohida qayd etildi.


Shundan so'ng yig'ilishda 2024-yil davomida O'zbekiston uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reytinglardagi ko'rsatkichlarga e'tibor qaratildi.


Binobarin, respublikamiz uchun ustuvor bo'lgan 9 ta xalqaro reytingda O'zbekistonning o'rni yaxshilangani, shu jumladan, Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O'zbekiston 2024-yilda avvalgi hisobot davriga nisbatan 6 pog'onaga ko'tarilib, 193 ta davlat orasida 63-o'rinni egallagani aytib o'tildi.


Mamlakatimiz elektron hukumat sohasida rivojlanish bo'yicha "yuqori" guruhdan "juda yuqori" guruhga ko'tarilgan 17 ta davlat qatoridan joy oldi.


Jahon bankining 2023-yil uchun e'lon qilingan Statistika faoliyati samaradorligi indeksida respublikamiz o'z ko'rsatkichlarini 17 pog'onaga yaxshilab, 217 ta davlat orasida 62-o'ringa ko'tarildi.


Umuman olganda, so'nggi 7 yilda mazkur Indeksda O'zbekiston o'z pozitsiyasini 89 pog'onaga yaxshiladi.


Yig'ilish davomida O'zbekistonning xalqaro reytingdagi o'rni yaxshilanishi borasida yana bir qator ma'lumotlar aniq raqamlar misolida aytib o'tildi.


Xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida mamlakatimiz 48 pog'onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o'rinni egalladi.


Hisobotda O'zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan muhim islohotlarni amalga oshirgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.


Shuningdek, yig'ilishda ijobiy natijalar bilan birga ayrim indekslardagi pasayishlar muhokama qilindi hamda tegishliligi bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralar vakillarining fikrlari eshitildi.


O'z navbatida, mamlakat imijiga salbiy ta'sir etuvchi bu kabi holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish, kerakli chora-tadbirlarni ko'rish zarur ekanligi aytib o'tildi.


Yig'ilishda O'zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o'rni yaxshilanishi to'g'risidagi milliy ma'ruza loyihasi haqida so'z bordi.


Shu bilan birga, yig'ilishda ustuvor xalqaro reyting va indekslarga ilmiy-tadqiqot muassasalari ham biriktirilib, 2025-yil uchun O'zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturlari loyihalari muhokama qilindi.


Yig'ilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish