O'zbekiston Prezidenti ijtimoiy sug'urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi
Oktabr 29, 2025. 19:44 • 2 daq
• 145
TOSHKENT, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ijtimoiy sug'urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, "Kambag'allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida fuqarolarning bandligini ta'minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kambag'allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 6,8 foizga, kam ta'minlangan oila sifatida nafaqa oluvchilar soni esa 14 foizdan 6,1 foizga kamaydi.
Shu bilan birga, bugungi kunda aholini og'ir hayotiy vaziyatlarda daromadsiz qolishi va kambag'allikka tushishini oldini olish masalalari davlatimizning doimiy e'tiborida.
Taqdimotda bu boradagi dolzarb masalalar ko'rsatib o'tildi.
Jumladan, xususiy sektorda band bo'lgan aholining barchasiga ham homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo'shash bo'yicha nafaqalar to'lab berilmayapti. Bu holatni to'lovlar ko'p hollarda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani va raqobatbardoshlikka ta'sir ko'rsatayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni to'lashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani, byudjetdan qoplab berilayotgan tug'ish bo'yicha nafaqa miqdori kamligi sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlash mumkin.
Qolaversa, Xalqaro mehnat tashkilotining "Ijtimoiy ta'minotining minimal normalari to'g'risida"gi va "Onalikni muhofaza qilish to'g'risida"gi konvensiyalariga muvofiq tug'ish va kasallik bo'yicha nafaqalar ijtimoiy sug'urta mexanizmlari orqali to'lanishi belgilangan.
Taqdimotda aholini ijtimoiy nafaqalar bilan qamrovini oshirish hamda milliy ijtimoiy sug'urta tizimini xalqaro hujjatlarga uyg'unlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar ko'rib chiqildi.
Rasmiy band bo'lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg'armasi tomonidan to'lanishi yo'lga qo'yiladi. 2026-yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026-yil ikkinchi yarmidan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to'lab boriladi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga rasmiy mehnat munosabatlarini rag'batlantirish ekani ta'kidlandi.
Prezidentimiz takliflarni ma'qullab, ijtimoiy sug'urta sohasini raqamlashtirish, tizim shaffof ishlashini, nafaqalar proaktiv ravishda tayinlanib, to'lab borilishini ta'minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi