O'zbekiston Prezidenti Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi navbatdagi sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi
Oktabr 29, 2025. 20:10 • 2 daq
• 217
TOSHKENT, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, Bosh konferensiyaning tarixiy sessiyasi qirq yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parijdagi qarorgohidan tashqarida o'tkazilmoqda. Bunday keng ko'lamli xalqaro forumning Samarqandda o'tkazilishi O'zbekistonning tashkilot g'oyalari va qadriyatlariga sodiqligi, shuningdek, tinchlik, o'zaro anglashuv va barqaror taraqqiyot yo'lidagi global muloqotni rivojlantirishga faol hissa qo'shishga qat'iy intilishining yorqin tasdig'i bo'ladi.
Ushbu muhim sessiya doirasida ta'lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag'ishlangan 150 dan ortiq turli shakldagi tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Bunday nufuzli xalqaro tadbir dunyoning eng qadimiy va ulug'vor shaharlaridan birida tashkil etilgani o'ziga xos ramziy ma'noga ega. Bu jahon hamjamiyatining O'zbekistonga bo'lgan yuksak ishonchi, uning madaniyatlararo muloqot g'oyalarini ilgari surish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish borasidagi nufuzi hamda faolligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tadbirda 200 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar, jumladan, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etadi.
YUNESKO Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasasi bo'lib, 1945-yilda ta'lim, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
O'zbekiston Respublikasi 1993-yilda YUNESKOning to'la huquqli a'zosi bo'ldi. 1996-yilda Toshkentda tashkilotning vakolatxonasi ochilgani mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan hamkorligi va ko'p qirrali sherikligini mustahkamlashda muhim bosqich bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi