Logo

O'zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Oktabr 15, 2025. 15:02 • 2 daq

223
O'zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

TOSHKENT, 15-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida mamlakatimizga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon O'zbekiston yetakchisiga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O'zbekiston-Saudiya ko'p qirrali hamkorligi va keng ko'lamli sherikligini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.

Samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajadagi aloqalar faollashdi. O'zaro savdo hajmi, to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar va qo'shma korxonalar soni ortib bormoqda. Ikki davlat o'rtasidagi aviaqatnovlar ko'paydi.

Qo'shma loyihalar portfeli 27 milliard dollarga yetdi. "ACWA Power" kompaniyasi bilan energetika sohasida 15 milliard dollarlik qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Toshkent shahrida o'tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishlarining samarali natijalari, ular doirasida yangi bitim va shartnomalar imzolangani yuksak baholandi.

"Yashil" energetika, qishloq xo'jaligi, elektrotexnika, ko'chmas mulk, mamlakatimiz hududlarida infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo'nalishlardagi loyiha va tashabbuslarni tez fursatda amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

 

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish