O'zbekiston va Finlyandiya yetakchilari ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar
Oktabr 31, 2025. 18:51 • 2 daq
• 199
TOSHKENT, 31-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Ko'ksaroy qarorgohida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bugun rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o'tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston bilan Finlyandiya o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash istiqbollari atroflicha ko'rib chiqildi.
Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani, biznesga oid sheriklik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O'zaro savdo hajmi izchil ortib, iqtisodiy va ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda Finlyandiya bilan hamkorlikda Xalqaro Nordik universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta'limi sohasidagi dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bugun o'tgan O'zbekiston – Finlyandiya biznes forumining yakunida umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ziyod istiqbolli qo'shma loyihalar portfeli shakllantirildi.
Muzokaralarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish, shu jumladan, o'zaro mahsulot yetkazib berishni rag'batlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qo'shma jamg'armasini tashkil etish imkoniyatlari ham ko'rib chiqildi.
O'zbekiston qishloq xo'jaligi va to'qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish uchun sertifikatlash laboratoriyalarini ochish tashabbuslari qo'llab-quvvatlandi.
Geologiya va muhim materiallar, energetika, agrosanoat, raqamlashtirish, sun'iy intellekt, ekologiya, turizm va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
2026-yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishini o'tkazish va Ishbilarmonlar kengashini ta'sis etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta'kidlandi.
Ta'lim, tibbiyot hamda mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko'rib chiqildi. Kelgusi yilda birinchi Rektorlar va innovatsiyalar forumini o'tkazish rejalashtirilgan.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi