O'zbekiston Prezidenti geologiya sohasiga ilg'or xalqaro tajriba va kompetensiyalarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi
Oktabr 27, 2025. 21:52 • 2 daq
• 81
TOSHKENT, 27-oktyabr. /"Dunyo AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun geologiya sohasiga ilg'or xalqaro tajriba va kompetensiyalarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, yig'ilishda mamlakatimiz geologiya tizimini zamonaviy ilmiy va texnologik asosda rivojlantirish, qazilma boyliklar bo'yicha resurs bazasini kengaytirish hamda mineral xomashyoni chuqur qayta ishlashni ta'minlash dolzarb vazifa ekani ta'kidlandi.
Dunyo tajribasi geologiya-qidiruv ishlarini o'tkazish murakkab bo'lgan hududlarda ham sun'iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlash mumkinligini ko'rsatayapti. Bu borada regional tadqiqotlarni kengaytirish va zamonaviy geofizik usullardan foydalanish qo'l keladi.
Shu maqsadda mutasaddilar xalqaro hamkorlar, shu jumladan kon-geologiya sohasida dunyoda ilg'or bo'lgan AQShning Kolorado konchilik maktabi bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlanmalarni birlashtiruvchi zamonaviy Kompetensiyalar markazini tashkil etish loyihasi to'g'risida axborot berdi.
Markazning asosiy vazifalari qidiruv ishlariga raqamli yechimlar, sun'iy intellekt va aero-geofizik texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo'ladi. Ilg'or xorijiy tajribaga asoslanib, ma'lumotlarni raqamli shaklda tahlil qilish, geokimyoviy va kosmogeologik tadqiqotlar natijalarini integratsiyalash hamda istiqbolli konlarni aniqlashni tezlashtirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari takliflarni ma'qullab, tarmoqda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali istiqbolli maydonlarni aniqlash va o'zlashtirishni tashkil etish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi