O'zbekiston Prezidenti Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi intensiv bog'da sarxil mevalar hosilini ko'zdan kechirdi
Iyun 18, 2025. 21:01 • 51 soniya
• 67
TOSHKENT, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Prezidentimiz bugun Parkent tumanidagi intensiv bog'da sarxil mevalar hosilini ko'zdan kechirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, "Meridian Tempo" korxonasiga qarashli ushbu 54 gektar bog'da gilos, olma, nok va malinaning eksportbop navlari ekilgan. Ko'chatlar Fransiya va Ispaniyadan keltirilgan. Daraxtlar o'zini o'zi changlatish xususiyatiga ega. Bu hosildorlik yuqori bo'lishida muhim o'rin tutadi.
Zamonaviy agrotexnologik tizimlar orqali bog'da to'liq tomchilatib sug'orish joriy etilgan. Avval suv maxsus havzada to'planadi va tabiiy nishablik orqali sug'oriladi. Bunga energiya sarflanmay, natijada xarajat va mahsulot tannarxi kamayadi. Shuningdek, bog'da quyosh panellari o'rnatilgan.
Pishib yetilgan mevalar eksportga yo'naltirilmoqda. Bu yil 256 tonna gilos, 500 tonna olma, 480 tonna nok, 30 tonna malina yetishtirishi mo'ljallangan. Eng muhimi, bundan keladigan daromad boshqa an'anaviy o'simliklarga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu usulni ommalashtirish, mevalarni parvarishlash va qadoqlash bo'yicha chet el tajribasini joriy etish yuzasidan ko'rsatmalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi