O‘zbekiston Prezidenti Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida bo‘ldi
Dekabr 02, 2025. 16:26 • 2 daq
• 89
TOSHKENT, 2-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida ham bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yurtimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli sohada imkoniyatlar kengayib, hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda agromarkazlar tashkil qilinib, fermer va dehqonlarga kompleks xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ham ana shunday markaz faoliyat boshladi.
Markazda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, agromarket do‘koni, mini-texnikalar sotish va ularga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar mavjud.
Bu yerda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bir gektar joyni qamragan markazning birinchi qavatida o‘simliklar himoya vositalari do‘koni, veterinariya dorixonasi, urug‘ do‘koni, agromarket, mobil brigada xonalari va 8 ta boshqa xizmat xonasi joylashgan.
Ikkinchi qavatda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi mavjud. Shuningdek, tuproq va suv tahlili xonasi, entomologiya hamda fitopatologiya xonalari tashkil etilgan.
Markaz hududida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bo‘limi, agroinspeksiya, urug‘chilik markazi, qorako‘lchilik uyushmasi hamda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar joylashgan.
Davlatimiz rahbari agromarkaz faoliyati bilan tanishdi, markaz faoliyatini yanada kengaytirish, mijozlar uchun xizmatlarni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi
O‘zbekiston Prezidenti suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildi