Logo

O'zbekiston Prezidenti AQShning Yuta shtati biznes delegatsiyasini qabul qildi

Noyabr 12, 2025. 22:03 • 47 soniya

65
O'zbekiston Prezidenti AQShning Yuta shtati biznes delegatsiyasini qabul qildi

TOSHKENT, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun AQSh Yuta shtatining Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar va "Stirling" xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat biznes delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda AQSHning O'zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi.

O'zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarining sur'ati ortib borayotgan sharoitda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O'zbekiston va Yuta shtati o'rtasidagi faol muloqot va almashinuvlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Raqamlashtirish, ta'lim va ijtimoiy himoya sohalarida qo'shma loyihalar boshlangan.

Innovatsiyalar, tog'-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv ta'lim, sog'liqni saqlash, suv ta'minoti va sanitariya sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi ta'kidlandi.

Yakunda hududlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish