O‘zbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
Aprel 20, 2026. 21:43 • 2 daq
• 67
TOSHKENT, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda Tatariston, Boshqirdiston Respublikalari, Leningrad, Kirov, Irkutsk va Omsk viloyatlari, shuningdek, Rossiyaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon mamlakatimiz yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod biznes vakillari ishtirokida oltinchi “INNOPROM” ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilayotganini olqishladi.
Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, tinch atom, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va ustuvor tarmoqlarda, shu jumladan, sanoat zonalari doirasida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energiya samaradorligi, suv xo‘jaligi, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt kabi istiqbolli yo‘nalishlardagi rejalar qo‘llab-quvvatlandi.
Texnika yo‘nalishidagi qo‘shma oliygohlar negizida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuvda Rossiya hududlari va kompaniyalari rahbarlari mamlakatimiz yetakchisiga turli tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarini taqdimot qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi