Logo

O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi

Aprel 22, 2026. 12:18 • 2 daq

139
O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi

TOSHKENT, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga amaliy tashrifi dasturi doirasida bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Ostona shahridagi “EXPO” xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasidagi milliy pavilyonlarni borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, MES-2026 diqqat markazida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yo‘nalish turibdi: iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, tabiiy xavf-xatarlarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, adolatli va inklyuziv “yashil” o‘tish, ekologik hamda raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish. Sammit kun tartibi barqaror rivojlanishning ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini ham qamrab olgan.

Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlarning milliy pavilyonlarida ularning ushbu yo‘nalishlardagi yutuqlari va kelgusi rejalari namoyish etilmoqda.

Interfaollik va multimedia elementlariga ega ko‘rgazma-taqdimot maydoni shaklida barpo etilgan O‘zbekiston pavilyoni mamlakatimizning ekologiya, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohalaridagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi. Shuningdek, ekspozitsiya O‘zbekistonning ekologiya sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini namoyon etadi.

Oliy martabali mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni o‘z ichiga olgan ekspozitsiya taqdim etildi. “Chiqindisiz hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik taʼlim” kabi umummilliy loyihalar shular jumlasidan.

Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish