Logo

O'zbekiston Prezidenti Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi

May 21, 2025. 18:02 • 49 soniya

86
O'zbekiston Prezidenti Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi

TOSHKENT, 21-may. /"Dunyo" AA/. Budapeshtdagi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida "Turkiy dunyo birligiga qo'shgan hissasi uchun" Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, bu yil mukofotga taniqli turk biokimyogari, Nobel mukofoti sovrindori, O'zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjar sazovor bo'ldi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aziz Sanjarni samimiy tabriklab, nufuzli mukofotning ilm-fan arbobiga topshirilishi turkiy dunyo olimlari, jumladan, yoshlarni yangi marralarni zabt etishga ilhomlantirishini alohida ta'kidladi.

Turkiy davlatlar tashkilotining buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi mukofoti davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda ta'sis etilgan. U turkiy madaniyatni targ'ib qilish, tinchlikni saqlash, xavfsizlikni ta'minlash va ishonchni mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlar o'rtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qo'shilgan alohida hissa uchun har ikki yilda bir marta topshiriladi.

Mukofot ilk bor 2022-yilda qirg'iz yozuvchisi va jamoat arbobi marhum Chingiz Aytmatovga berilgan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish