O‘zbekiston Prezidenti: Men yoshlarimizni chet elga oddiy ishchi emas, malakali mutaxassis sifatida yubormoqchiman
Noyabr 02, 2026. 17:25 • 4 daq
• 206
TOSHKЕNT, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni aniq ish o‘rinlariga maqsadli tayyorlashga e’tibor qaratilmoqda. Bunda til o‘rgatish, kasbiy ko‘nikma berish, malakani tasdiqlash va ishga joylashishga ko‘maklashish jarayonlarini o‘zaro bog‘lash muhim ahamiyatga ega. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan markaz ana shu vazifalarga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbariga markazning imkoniyatlari, ta’lim dasturlari va xorijlik hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
– O‘n yil oldin qonuniy migratsiya bo‘yicha sanoqli davlatlar bilan kelishuvimiz bor edi. Bugun ochiqlik siyosatimiz tufayli yoshlarimiz uchun ko‘plab davlatlarda munosib ish imkoniyatlari ochilmoqda, – dedi Prezidentimiz. – Men yoshlarimizni chet elga oddiy ishchi emas, malakali mutaxassis sifatida yubormoqchiman. Maqsadimiz – ularga kasb o‘rgatish, yangi muhit va madaniyatga moslashishiga ko‘maklashish.
Qariyb 3,5 gektar maydonda joylashgan markazda fuqaroning dastlabki murojaatidan tortib, hujjatlarini rasmiylashtirish, til va kasb o‘rganish, imtihon topshirish hamda xorijga ishga jo‘nab ketishigacha bo‘lgan jarayonlar bir joyda tashkil etilgan. Front-ofisda maslahat va viza masalalari bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Bu yerda bank xizmatlari, aviachipta kassalari va koll-markaz ham faoliyat yuritadi.
Majmuada 600 o‘rinli o‘quv, 180 o‘rinli amaliy mashg‘ulot xonalari, 120 o‘rinli imtihon markazi va 400 o‘rinli yotoqxona mavjud. Hozirda 6 ta xalqaro loyiha doirasida 240 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. Ular uchun o‘qish va yotoqxona bepul.
Prezidentimiz til va kasbga o‘qitish xonalaridagi mashg‘ulotlar bilan tanishdi. Markazda nemis, ingliz, yapon, koreys, chex, polyak, italyan va slovak tillari o‘rgatiladi. Til tayyorgarligi dasturlari 6 oydan 10 oygacha davom etadi. Ularning mazmuni xorijlik ish beruvchilarning ehtiyojlariga qarab yangilab boriladi.
Kasbiy ta’lim 12 ta dasturni qamrab olgan. Tinglovchilar tibbiyot, payvandchilik, elektr va santexnika ishlari, ombor logistikasi, qurilish, mehmonxona va restoran xizmati, oshpazlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanmoqda.
– Qayerga bormanglar, o‘sha davlatda madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va tariximizni tanishtiringlar. Yaqinda Yaponiyaning Nagoya shahri meri yoshlarimizning madaniyati va odobiga qoyil qolib, menga maktub yo‘lladi. Sizlar haqingizda ham “buyuk tarixga ega buyuk mamlakat farzandlari ekan” degan gaplar aytilishini istayman, – dedi Prezidentimiz tinglovchilar bilan suhbatda.
Mamlakatimiz yetakchisi amaliy simulyatsiya xonalarida kommunal va qurilish sohalariga oid mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda tinglovchilar ish joyiga yaqinlashtirilgan sharoitda kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Jumladan, santexnika va elektr tizimlari bilan ishlash o‘rgatiladi, payvandchilar ISO 9606 xalqaro standartlari asosida tayyorlanadi. O‘quv jihozlari Germaniya, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari imtihon xonalarini ko‘rdi. Markazda tinglovchilarni xalqaro til sertifikatlariga tayyorlashga e’tibor qaratilib, ÖSD, TELC, J-CERT va EPS TOPIK imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilgan.
– Ingliz tiliga qanday imtiyoz bergan bo‘lsak, nemis va yapon tillarini ham shunday o‘rgatamiz. Maktabni tugatgandan keyin afolatli ish joyiga ega bo‘lishi uchun tilni ham, kasbni ham maktabdayoq o‘rgatishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz.
Tayyorgarlik xorijlik hamkorlar bilan birgalikda olib borilmoqda. “Proud Partners”, “Onodera User Run”, “Deutsche Bahn”, “RecruitMed GmbH”, “PentaHospital” kompaniyalari va Perudjia universiteti ishtirokidagi loyihalar fuqarolarni ish beruvchilar talabiga mos o‘qitish va ishga joylashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Tinglovchilar uchun kovorking, sport maydonchalari va dam olish hududlari ham tashkil etilgan. Markazda 40 nafar mahalliy xodim va o‘qituvchi, shuningdek, 6 nafar xorijlik til o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz chet ellik ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, nomzodlarni saralash, til va kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirishga ko‘maklashishni birlashtirgan ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi