O'zbekiston – Serbiya munosabatlari yangi bosqichga ko'tarildi
Oktabr 28, 2025. 19:22 • 2 daq
• 200
TOSHKENT, 28-oktabr. /"Dunyo" AA/. Ko'ksaroy qarorgohida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston va Serbiya o'rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari ko'rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo'lishini va O'zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta'kidladi.
– Diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O'zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do'stlik rishtalari va o'xshash mentalitet bog'lab turadi, – dedi O'zbekiston Prezidenti.
Muzokaralarda alohida e'tibor tovar ayirboshlashni ko'paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko'plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko'lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.
"Markaziy Osiyo – Bolqon" yo'nalishida yangi transport yo'laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig'ilishini o'tkazishga kelishib olindi.
Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi