Toshkentda O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi va "RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi
Noyabr 11, 2025. 12:08 • 3 daq
• 336
ISLOMOBOD, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kecha Toshkentda O'zbekiston – Pokiston biznes konferensiyasi va "36th RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi – RCCI hamkorligida, O'zbekiston hukumati va biznes tuzilmalari ko'magida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini rivojlantirish va ikki mamlakat bizneslari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish maqsadida tashkil etildi.
Xalqaro tadbirning birinchi kunida Toshkentda O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi, B2B va B2G muzokaralari, shuningdek, O'zbekistonning investitsiya va eksport salohiyati bo'yicha taqdimotlar bo'lib o'tdi.
O'zbekiston-Pokiston biznes-forumida sanoat, qishloq xo'jaligi, farmatsevtika, to'qimachilik, logistika, qurilish, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi prezidenti Usman Shavkat va boshqa mutasaddilar kirish so'zi bilan ochib berdi.
Ikki tomon vakillari iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi, qo'shma loyihalarni kengaytirish va to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta'kidladilar. O'zbekistonda investorlar uchun ochiq, zamonaviy va qulay muhit yaratilgan, mintaqaviy o'zaro bog'liqlik tashabbusi doirasidagi loyihalar qo'llab-quvvatlanayotgani qayd etildi. O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi savdo hajmini ko'paytirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va strategik sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, energetika, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, farmatsevtika, turizm va logistika sohalarida katta salohiyat mavjudligi e'tirof etildi.
Bundan tashqari, mamlakatlar o'rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va yaqin istiqbolda o'zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, birgalikda import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlariga to'xtalib o'tildi.
Forum davomida O'zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida taqdimotlar o'tkazildi.
Muzokaralar yakunida qo'shma ishlab chiqarish, savdo-sotiq va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Forum yakunida, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi o'rtasida, Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi va "Sky Electric" o'rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Bundan tashqari, "Caraway Pharmaceuticals" va "Perfect Future Medicine", "Neutrics Global (Pvt) Ltd va ANT Group", "Pak World Trade & Expo Centre" va BMCA o'rtasida o'zaro sheriklikni yo'lga qo'yish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Ushbu hujjatlar ikki mamlakat tadbirkorlik doiralari o'rtasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo'lga qo'yish va iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.
Pokiston ishbilarmonlar delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi davomida Toshkent shahrida "36th RCCI International Achievement Awards" mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ishtirok etdi.
Farmatsevtika, qurilish, IT, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, turizm, eksport va import kabi sohalarda muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalar taqdirlandi. G'oliblar orasida O'zbekiston va Pokiston biznes vakillari ham bor.
Har yili Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etiladigan mazkur mukofot nominatsiyalari orasida "Yil tadbirkori", "Yil kompaniyasi", "Yil eksportchisi","Innovatsiya va texnologiya mukofoti" kabi yo'nalishlar mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi