Bugun Zomin milliy tabiat bog'ida II Xalqaro maqom san'ati anjumani boshlandi

Iyun 27, 2024. 19:44 • 2 daq

• 447
Bugun Zomin milliy tabiat bog'ida II Xalqaro maqom san'ati anjumani boshlandi

TOSHKENT, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. 27-30-iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida YUNESKO, AYSESKO va TURKSOY shafeligi ostida II Xalqaro maqom san'ati anjumani bo'lib o'tadi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Ikkinchi bor o'tkazilayotgan ushbu nufuzli madaniy tadbirda dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 400 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi.

Zomin milliy tabiat bog'ida bo'lib o'tadigan II Xalqaro maqom san'ati anjumanining tantanali ochilish marosimida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Xalqaro hay'at tomonidan ko'rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari "Eng yaxshi maqom ansambli", "Eng yaxshi yakkaxon cholg'u ijrochisi" va "Eng yaxshi yakkaxon xonanda" nominatsiyalari bo'yicha baholanadi. G'oliblari diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Anjuman Gran-prisini qo'lga kiritgan san'atkorga esa 15 ming AQSh taqdim etiladi.

Anjuman doirasida "Maqom san'atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkaziladi.

Mehmonlar, shuningdek, har bir mintaqa o'z milliy stendini namoyish etadigan jonli madaniy dasturdan bahramand bo'lishlari mumkin. Xalqaro musiqa yarmarkasi, maqom san'atiga bag'ishlangan turli ko'rgazmalar, jumladan, milliy kuy-qo'shiqlar ijrosi, liboslar namoyishi, hunarmandlar, rassomlar, haykaltaroshlar ko'rgazmalari, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, kitob yarmarkalari, fotoko'rgazmalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Eslatib o'tamiz, 2017-yilda O'zbekiston Prezidentining "O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq O'zbek milliy maqom san'ati markazi tashkil etilgan edi. Uning asosiy maqsadi milliy o'zbek maqom san'atini har tomonlama o'rganish, uni an'analar asosida ommalashtirish, o'zbek xalqi musiqa merosining eng go'zal an'analaridan bahramand bo'lish imkoniyatini yaratishdan iborat.

2018-yil 6-10-sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida YUNESKO shafeligida birinchi Xalqaro maqom san'ati anjumani bo'lib o'tgan edi. Unda jahonning 75 mamlakatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari ishtirok etgan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish