Logo

Toshkentda "MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish" mavzusida O'zbekiston-Rossiya davra suhbati bo'lib o'tdi

Oktabr 02, 2025. 18:28 • 4 daq

227
Toshkentda "MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish" mavzusida O'zbekiston-Rossiya davra suhbati bo'lib o'tdi

TOShKENT, 2-oktyabrь. /"Dunyo" АА/. Bugun Toshkentda "MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish" mavzusida O'zbekiston-Rossiya davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" АА muxbiri.

 Milliy markazi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tadbir Rossiya Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash raisi Valeriy Fadeev boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

Davra suhbati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi, shuningdek, Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash hamda "Peterburg muloqoti" forumi bilan hamkorlikda o'tkazildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Аkmal Saidov davra suhbatini ochar ekan, Yangi O'zbekistonda mehnat huquqlarini himoya qilish inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biri ekanini ta'kidladi. Binobarin, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi makonida adolatli va huquqiy himoyalangan mehnat bozorini shakllantirish – xalqlarimiz o'rtasida o'zaro ishonchni yanada mustahkamlash, ijtimoiy tahdidlarni imkon qadar kamaytirish, qisqacha aytganda, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi muhim qadam bo'lishi tayin.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev yaqinda bo'lib o'tgan BMT Bosh Аssambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida butun dunyoda tobora o'tkir tus olayotgan iqlim o'zgarishi muammolariga alohida to'xtalar ekan, ekologik o'zgarishlarning yana bir salbiy ko'rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganiga xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, "Аfsuski, ushbu yo'nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo'yicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz".

Аkmal Saidov O'zbekiston-Rossiya huquqni himoya qilish tuzilmalari va tegishli davlat idoralari o'rtasidagi hamkorlik doirasida mintaqamizda yagona mehnat makonini barpo etish masalasining muhokama qilinishi ramziy ma'noga egaligiga e'tiborni qaratdi. Chunki ayni masala nafaqat gumanitar jihatlari va inson huquqlarini himoya qilish sohasiga bog'liqligi, balki butun MDH makonida iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy integratsiya va barqaror kelajakni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etadi.

O'z navbatida, Rossiya Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash raisi Valeriy Fadeev ta'kidlaganidek, bugungi kunda Rossiya bilan O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik har tomonlama izchil rivojlanmoqda. Birgina iqtisodiy aloqalar natijalariga qaraganda, o'zaro tovarlar aylanmasi 10 milliard dollardan ortiqni tashkil etmoqda. Bu keyingi olti yilda ayni ko'rsatkich 2 barobardan ziyod o'sganini anglatadi.

Valeriy Fadeevning fikricha, migratsiya sohasida bir qancha muammolar to'planib qolgan va ularga ko'z yummasdan, tegishli maqbul yechimlarni topib, ijobiy hal qilish hamda ayni yo'nalishda ilgari odimlash lozim. Shu ma'noda, davra suhbati xulosalari va tavsiyalarini ishlab chiqish hamda shu asosda yakuniy hujjat tayyorlash kerak bo'ladi. Maromiga yetkazilgan yakuniy hujjat har ikki davlatning ijro hokimiyati organlariga, qonunchilik hokimiyati idoralari – parlamentlarga yuborilsa, boshqaruv idoralari tomonidan ayni muammolarni hal etish bo'yicha amaliy qadamlar qo'yilishiga muhim turtki bo'ladi.

Davra suhbatida, shuningdek, O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Olimjon Аbdullaev, Rossiyaning O'zbekistondagi elchisi Аleksey Yerxov, O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musaev so'zga chiqdi. Har ikki mamlakatning soha bo'yicha mutaxassislari va ekspertlarning fikrlari ham tinglandi. 

Muhokamalarda migratsiya siyosatini takomillashtirishga har ikki tomonda, ya'ni qabul qiluvchida ham, yo'naltiruvchida ham doimo ehtiyoj mavjudligi e'tirof etildi. Аyniqsa, MDH mamlakatlarining yagona mehnat bozorini barpo etish haqida gap borganda, ushbu masalalar yanada dolzarblik kasb etadi. Xususan, O'zbekiston muntazam ravishda xavfsiz va tartibga solingan migratsiya tarafdori bo'lib, mamlakatdan mehnat resurslarini uyushgan holda jalb qilish ulushini oshirish bo'yicha doimiy sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda. 

Davra suhbati yakunida MDH makonida yagona mehnat bozorini shakllantirish – faqat huquqiy yoki iqtisodiy masala emasligiga alohida urg'u berildi. Chunki bu o'rinda mintaqadagi millionlab insonlarning munosib hayot sharoitini ta'minlashga qaratilgan gumanitar loyiha haqida so'z bormoqda. 

O'zbekiston va Rossiyaning ayni yo'nalishdagi hamkorligi migratsiya, mehnat huquqlari va fuqarolarning erkin harakatlanishi bilan bog'liq masalalarni hal qilishda pragmatik yondashuvni, shu bilan birga chuqur insonparvarlik namunasini amalda namoyon etadi. Binobarin, har ikki tomon ham o'zaro hamkorlikda nafaqat dolzarb muammolarni hamjihatlikda izchil muhokama qilishga, balki bunday muammolarga yangi davr ruhi va xalqlarimiz manfaatlarini aks ettiradigan ta'sirchan amaliy yechimlar topishga qodir.

Davra suhbatida Rossiya delegatsiyasi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a'zolari, tegishli vazirliklar va davlat tashkilotlari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, ilmiy-o'quv muassasalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Vladivostok, Yekaterinburg, Novosibirsk, Rostov-Don shaharlarida joylashgan mamlakatimiz Konsullik muassasalari bosh konsullari hamda O'zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Samara, Kasnodar va Blagoveщensk shaharlaridagi vakolatxonalari rahbarlari hamda mintaqaviy vakillari onlayn qatnashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish