Poytaxtimizda "Tashkent Law Spring" to'rtinchi xalqaro yuridik forumi boshlandi
May 29, 2025. 12:38 • 3 daq
• 97
TOSHKENT, 29-may. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkent shahrida "Tashkent Law Spring" to'rtinchi xalqaro yuridik forumi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirni davlatimiz rahbarining maslahatchisi Ruslanbek Davletov ochib berdi va O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi.
Ochilish marosimida, shuningdek, adliya vaziri Akbar Toshqulov va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii so'zga chiqdilar.
Bu yilgi forum "Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar" asosiy mavzusi bo'lib o'tmoqda. Tadbir jahon yuridik hamjamiyatini raqamlashtirish jarayonidagi yangi tahdid va imkoniyatlarni muhokama qilishga qaratilgan.
Forumda 1200 nafarga yaqin ishtirokchi, shu jumladan salkam 150 nafar xorijiy spiker va rasmiylar, 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Jumladan, forum ishida Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston, Rossiya, Ozarbayjon, Qirg'iziston kabi davlatlar adliya organlari rahbarlari, Singapur Bosh prokurori, shuningdek, "Jahon odil sudlov loyihasi" ijrochi direktori bevosita ishtirok etmoqda.
Anjuman doirasida 20 ga yaqin tadbir, jumladan plenar sessiya, mahorat darslari, davra suhbatlari, 4 ta ko'rgazma, shuningdek, ilk bor Xalqaro yoshlar yuridik forumi o'tkaziladi.
Tadbirlarda sun'iy intellekt, IoT, Big Data, blokcheyn kabi zamonaviy texnologiyalarning huquqiy tizimga ta'siri, elektron hukumat, raqamli notariat, yuridik ta'limdagi inqilobiy yangiliklar, intellektual mulkni himoya qilish, yuridik amaliyotni raqamlashtirish kabi mavzular muhokama qilinadi.
Huquqiy jarayonlarni avtomatlashtirish, smart-shartnomalarni joriy etish, kiberxavfsizlikni ta'minlash hamda raqamli mediatsiya va sud ekspertizasi borasidagi ilg'or tajribalar o'rganiladi.
Huquqshunoslar, olimlar, IT mutaxassislar o'rtasidagi hamkorlik sun'iy intellektni qonun ijodkorligi va huquqni qo'llash amaliyotiga integratsiya qilish masalalari atrofida to'g'ridan-to'g'ri muloqot o'rnatilishi uchun imkon yaratadi.
Mazkur forum orqali O'zbekiston jahon yuridik hamjamiyatida o'zining ochiq, hamkorlikka tayyor va huquqiy jihatdan rivojlanayotgan davlat sifatidagi imijini yana bir bor mustahkamlaydi. Hamkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot jarayonida nafaqat normativ masalalar, balki global muammolar ma'lumotlar xavfsizligi, inson huquqlari, ekologik adolat va raqamli inklyuzivlik borasidagi yondashuvlar ham muhokama qilinadi.
Forum yakunlari bo'yicha huquqiy transformatsiya bo'yicha strategik tavsiyalar, ilg'or tajribalarni o'zlashtirish va yangi qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida qabul qilinishi kutilayotgan tavsiya va qo'shma bayonotlar, xalqaro memorandumlar va kelishuvlar mamlakatimizning huquqiy modernizatsiya jarayonini yana-da tezlashtirishga xizmat qiladi.
Mark Xammerson, ingliz huquqi bo'yicha ekspert, "Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle LLP" yuridik firmasi hamkori (Buyuk Britaniya):
– Zamonaviy yuridik amaliyotda barchamiz duch keladigan umumiy masalalarni muhokama qilish uchun shuncha huquqshunosni bir joyga to'plashni ajoyib g'oya deb hisoblayman. Bu biz uchun O'zbekistonda sodir bo'layotgan voqealar haqida ko'proq ma'lumot olish, O'zbekiston uchun esa dunyoning boshqa mamlakatlari huquqiy tizimlari haqida tasavvurga ega bo'lish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bunday anjumanlar kelgusida ham o'tkazilishiga umid qilaman. Butun dunyo huquqshunoslari bilan muloqot qilish professional o'sishga yordam beradi. Bu, shuningdek, zamonaviy yuridik faoliyatda tobora muhim rol o'ynayotgan texnologiyalar sohasida boshqalarning qanday ishlashini ko'rish va so'nggi tendensiyalar bilan tanishish imkonini beradi. O'ylaymanki, O'zbekiston uchun haqiqatan ham porloq davr kelmoqda. Olib borilayotgan huquqiy islohotlar iqtisodiyot va odamlar hayotiga sezilarli darajada ta'sir ko'rsatmoqda, bu esa, o'z navbatida, yuksak ijobiy o'zgarishlarga olib keladi.
Frank Ludvin Shayefer, "Alibaba Group" kompaniyasining Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Turkiya bo'yicha xalqaro davlatlararo aloqalar bo'limi rahbari:
– Mazkur tadbirning o'tkazilishi O'zbekiston uchun haqiqatan ham muhim voqeadir. Biz mamlakatingiz bilan ishlashdan nihoyatda mamnunmiz va uning kelajagiga ishonamiz. O'zbekiston bilan faoliyatimizning barcha yo'nalishlarida hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholaymiz va elektron tijorat hamda umuman texnologiyalar sohasida ko'rilayotgan amaliy qadamlar to'g'ri yo'nalishda, deb hisoblaymiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni o‘tkazildi
Jenevada “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘ldi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi