Saida Mirziyoyeva: Buxoro dunyo e'tibori markazida
Sentabr 07, 2025. 12:02 • 47 soniya
• 88
TOSHKENT, 7-sentabr. /"Dunyo" AA/. Buxoroda 2025-yil 20-noyabrgacha bo'lib o'tadigan zamonaviy san'atga bag'ishlangan birinchi xalqaro biyennale ochildi, deb xabar beradi "Dunyo" muxbiri.

"Buxoro dunyo e'tibori markazida. Biyennale maydoni ko'plab xorijiy davlatlar, uzoq-yaqin mamlakatlardan kelgan rassom va hunarmandlarni birlashtirdi, – deb yozdi O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o'zining telegram-kanalida. – Muqaddas Buxoro zamini — butun insoniyatning mulki, asrlar davomida jahon sivilizatsiyasiga mansub bo'lgan, azaldan madaniyat, ijod va ilm-ma'rifat markazi sifatida tanilgan shahardir.
Millatlar o'rtasida hamisha ochiq muloqot ruhi hukm suruvchi ayni maskanda madaniy merosning qadriga yetadigan, uni asrab-avaylaydigan ziyolilar yig'ilgani – tabiiy voqelik.
Masjid gumbazlaridan to ipak gilamlargacha, zardo'zlik namunalaridan to miniatyura san'atigacha, yog'och o'ymakorligidan to shashmaqom musiqasigacha — bebaho xazinamiz ko'plab avlodlar mahorati va iqtidorini o'zida mujassam etgan.
Bugun madaniyat biz uchun nafaqat go'zallik va ilhom manbai, balki xalqaro nufuzimizni oshiradigan hamda mamlakatimizning global makondagi qiyofasini shakllantiradigan strategik resurs hamdir.
Xush kelibsiz!"
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi