Logo

O'zbekiston parlament delegatsiyasi Qozon shahrida vatandoshlar bilan uchrashdi

Oktabr 17, 2025. 15:45 • 2 daq

36
O'zbekiston parlament delegatsiyasi Qozon shahrida vatandoshlar bilan uchrashdi

TOSHKENT, 17-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Qozon shahrida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Tatariston Respublikasidagi "O'zbekistonliklarning milliy-madaniy muxtoriyati" hududiy jamoat tashkilotida vatandoshlarimiz hamda Tatariston Respublikasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, muloqot davomida Tataristonda yashayotgan vatandoshlarimizning ijtimoiy hayoti, ta'lim, madaniyat va o'zaro hamjihatlik masalalari muhokama qilindi.

Ma'lumki, 2019-yilda O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Volgabo'yi federal okrugiga xizmat ko'rsatuvchi Qozon shahridagi Bosh konsulxona tashkil etilgan. Volgabo'yi federal okrugi 14 ta hududni qamrab oladi. Mazkur diplomatik vakolatxona vatandoshlarimiz bilan muntazam muloqot o'rnatib, ayniqsa talaba-yoshlarga huquqiy masalalarda amaliy yordam ko'rsatib kelmoqda.

Bugungi kunda Tatariston Respublikasida 15 mingdan ortiq o'zbekistonliklar istiqomat qiladi. Shuningdek, 2 mingdan ortiq yoshlar mazkur mintaqaning nufuzli oliy o'quv yurtlarida tahsil olmoqda.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, O'zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi faoliyati vatandoshlarimizni qo'llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni targ'ib etishga qaratilgan.

Bosh konsulxona o'zbekistonlik vatandoshlarimiz bilan birgalikda Mustaqillik kuni va qator umumxalq bayramlari muntazam tarzda nishonlab kelmoqda. Bundan tashqari, yosh avlod o'rtasida ona tiliga hurmatni oshirish maqsadida o'zbek tili maktabida darslar tashkil etilgan bo'lib, vatandoshlarimizning farzandlari o'z ona tilini chuqur o'rganish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish