Logo

O'zbekiston vakilasi Turkiyada o'tkazilgan Tazhib san'ati bo'yicha tanlovda birinchi o'rinni qo'lga kiritdi

Oktabr 24, 2025. 10:00 • 2 daq

51
O'zbekiston vakilasi Turkiyada o'tkazilgan Tazhib san'ati bo'yicha tanlovda birinchi o'rinni qo'lga kiritdi

ANQARA, 24-oktabr. /"Dunyo" AA/. Turkiyada o'tkazilgan Tazhib – naqsh bilan bezatish san'ati bo'yicha o'tkazilgan tanlovda Istanbuldagi Marmara universiteti doktoranti, vatandoshimiz Nodira Alakbarova birinchi o'rinni qo'lga kiritdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur tanlov Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qavm jamiyatlar tashkiloti tomonidan Turkiyada ta'lim olayotgan chet ellik talabalar o'rtasida o'tkazib kelinadi.

Anqara shahrida bo'lib o'tgan taqdirlash marosimida Turkiya davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijlik elchilar, chet ellik talabalar ishtirok etdi.

Nodira Alakbarovaga mukofotni O'zbekiston elchisi Ilhom Haydarov tantanali ravishda topshirdi va mamlakatimiz sha'nini munosib himoya qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir doirasida Xorijdagi turklar va qavm jamiyatlar tashkilotining yangi rahbari etib tayinlangan Abdulhadi Turus bilan uchrashuv o'tkazildi. Turkiyadagi o'zbek diasporasi vakillarini qo'llab-quvvatlash, ta'lim sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, oliy ta'lim muassasalarida O'zbekiston uchun muhim soha va yo'nalishlarda kvotalarni oshirish, talabalar ishtirokida qo'shma loyiha va uchrashuvlar o'tkazishga kelishib olindi.

 "Ota yurt – O'zbekistondan kelgan qardoshlarimizning Turkiyadagi ta'lim jarayonini qo'llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Bugunga qadar 1270 ta o'zbek talabalari grant dasturlarimizdan foydalanib, Turkiya oliy ta'lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomladi. Hozirda 600 ga yaqin o'zbekistonlik talaba ushbu imkoniyatdan foydalanmoqda. Ularning barchasi Yangi O'zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadigan yetuk mutaxassislar bo'lib yetishishiga ishonchim komil", – dedi Abdulhadi Turus.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish