Logo

Qozog'istonning Chimkent shahrida vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli tashkil etildi

Avgust 17, 2025. 11:55 • 41 soniya

54
Qozog'istonning Chimkent shahrida vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli tashkil etildi

CHIMKENT, 17-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan Qozog'istonning Chimkent shahrida sayyor konsullik qabuli tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qo'shni davlatning Chimkent shahrida, Jambil va Turkiston viloyatlarida yashayotgan O'zbekiston fuqarolariga konsullik xizmati ko'rsatildi.


Qabul kuni 25 nafar hamyurtimizning murojaatlari ko'rib chiqildi. Jumladan, xorijga chiqish uchun biometrik pasporti rasmiylashtirish masalasida 9 nafar, O'zbekistondan hujjatlarni talab qilib olish yuzasidan 1 nafar, fuqarolikdan chiqish, fuqarolikka mansub yoki mansub emasligini aniqlash bo'yicha 7 nafar, Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish haqida 8 nafar vatandoshimizga belgilangan tartibda huquqiy yordam ko'rsatildi.


Bosh konsulxona xodimlari sayyor qabuldan so'ng, Chimkent shahrida vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdilar. Muloqot chog'ida, Qozog'istonning migratsiyaga oid qonunchiligi talablariga rioya qilish muhimligi ta'kidlandi. Shuningdek, haq-huquqlari buzilgan taqdirda Bosh konsulxonaga murojaat qilish tartiblari tushuntirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish