Berlinda Germaniyadagi oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlarining birinchi qurultoyi boʻlib oʻtdi
Oktabr 05, 2025. 11:04 • 4 daq
• 260

BERLIN, 5-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Germaniyada faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston tibbiyot xodimlarining birinchi qurultoyi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Elchixona tomonidan "Kox-Avitsenna" Germaniya-Oʻzbekiston tibbiyot jamiyati (DUMGKA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda jamiyat a'zolari, mezbon mamlakat tibbiyot sohasida mehnat faoliyatini yuritayotgan oʻzbekistonlik shifokorlar, hamshiralar, ilmiy izlanuvchilar hamda soha boʻyicha tahsil olayotgan talabalar qatnashdi.
Qurultoydan asosiy maqsad oʻzbek-nemis tibbiyot hamjamiyati oʻrtasidagi aloqalarni tizimlashtirish, bilim va tajriba almashuvini doimiy platformaga aylantirish boʻldi.
Tadbirning ochilish qismida mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov ishtirokchilarni birinchi qurultoy bilan qutladi va ularga muvafaqqiyat tiladi. Diplomat ikki davlat oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish strategik ustuvor yoʻnalish ekanini ta'kidlab, sogʻliqni saqlash sohasida Oʻzbekiston – Germaniya oʻrtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy yangiliklarni joriy etish ustuvor yoʻnalish ekanligini qayd etdi.
2023-yildan beri Samarqand va Berlinda tashkil etib kelinayotgan forumlarning ahamiyatini qayd etildi. Shunigndek, 2026-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan navbatdagi forum haqida ma'lumot berildi.
Tadbirda yangi tashkil etilayotgan Germaniyadagi oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlari jamiyatining maqsad va vazifalari hamda rejalari haqida ham ma'lumot berildi.
"Kox-Avitsenna" Germaniya–Oʻzbekiston tibbiyot jamiyati (DUMGKA) raisi professor Helmut Xan nemis va oʻzbek tibbiyot maktablari oʻrtasidagi tarixiy hamkorlik va uning bugungi kun amaliyotidagi ahamiyatiga e'tibor qaratdi. U qoʻshma ilmiy-amaliy anjumanlar, professor-oʻqituvchilar almashinuvi, laboratoriya standartlarini yaqinlashtirish va telemeditsina yechimlarini joriy etish kabi yoʻnalishlar amaliy natija berishini ta'kidladi.
Shuningdek, soʻzga chiqqanlar mamlakatlarimiz tibbiyot oʻquv muassasalari va klinikalari oʻrtasida bilim va tajriba almashish, telemeditsina hamda turli zamonaviy davolash yondashuvlari boʻyicha faol hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Lars Dreger, "Vivantes Auguste-Viktoria-Klinikum in Berlin" klinikasi shifokori:
– Oʻzbekistonlik hamkasblarim bilan anesteziya sohasida birgalikda ishlayotganimdan mamnunman. Ushbu hamkorlikni oʻzaro tajriba almashishda katta imkoniyat deb bilaman. Kelgusida hamkorligimiz yanada mustahkamlanishiga va yaqin kelajakda Berlinda oʻzbekistonlik yana koʻplab hamkasblarimizni qutlashga umid qilaman.
Yangi tashkil etilayotgan jamiyat qoʻshma dastur va loyihalarni rivojlantirish va amalga oshirish imkoniyatini yaratadi, albatta. Bundan tashqari, tibbiy ta'lim va ilmiy taqdimotlarni amalga oshirishga oʻz hissamizni qoʻshish hamda ikki mamlakat oʻrtasida soha boʻyicha bilim va tajriba almashinuviga xizmat qiladi.
Oʻtkir Ibragimov, "Germaniyadagi oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlari jamiyati" raisi, Bolalar va oʻsmirlar psixiatriya, psixologiya, psixosamatika boʻlimi shifokori:
– Hozirgi kunda Germaniyaga Oʻzbekistondan kamida 350 nafardan ortiq tibbiyot xodimi ishlayapti. Barcha vatandosh shifokorlarning Oʻzbekiston tibbiyotini rivojlantirishga oʻz hissa qoʻshish niyatida. Mana shunday tashabbus, gʻoyalar va fikrlarni bir joyga toʻplab, qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻzbekistonlik shifokorlar jamiyatini tashkil qilayotmiz. Jamiyat tuzilmasi orqali nafaqat Germaniyadagi shifokorlar, balki farmatsevtlar, kichik va oʻrta tibbiyot xodimlarini birlashtirish, oʻzaro yordam berish, shuningdek, mamlakatimizda ushbu sohani yanada rivojlantirishga hissa qoʻshishni niyat qilganmiz. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan ta'kidlaganidek, Oʻzbekistonda tibbiyot ilgʻor tarzda rivojlanib bormoqda. Biz Germaniyadagi shifokorlar bunga oʻz hissamizni qoʻshishdan juda mamnunmiz. Bugungi yigʻilishimiz davomida yangi ochilayotgan jamiyatimizning rejalari, maqsadlari va kelgusidagi loyihalari haqida fikr almashdik. Tadbir davomida shifokor vatandoshlarimizning nafaqat tibbiyot rivojiga, balki aholining tibbiy madaniyatini rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshishga tayyorligidan juda mamnun boʻldik.
Umidjon Abdukarimov, Bayroyt shahri klinikasi shifokori:
– Oʻzbekistonda oshqozon va meda-ichak yoʻllari, onkologik kasalliklari juda koʻp uchraydi. Buning birlamchi sabablari notoʻgʻri ovqatlanishga borib taqaladi, yetishtirilayotgan sabzavotlarga ishlatiladigan juda koʻplab sun'iy ozuqalar tufayli bu kasalliklar kelib chiqmoqda. Bugungi tadbirda bu toʻgʻrisida ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Germaniyadagi davolash usullari qoʻllanmalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularni toʻgʻri qoʻllash masalalari ham koʻrib chiqildi.
Abror Valixanov, "Vivantes Auguste-Viktoria-Klinikum in Berlin" klinikasida anesteziolog-shifokor:
– Soʻnggi ikki yildan buyon Berlin shahrida ishlayman. Koʻplab yangi bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirdim, bugun Germaniyada tibbiyot sohasida ishlab kelayotgan oʻzbek tibbiyot xodimlari jamiyatini ochish yuzasidan elchixonada fikrni almashdik. Oʻzbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun actoydil harakat qilishga tayyormiz va kelajakda aynan shu jamiyat katta yutuqlarga va natijalarga erishishiga ishonchim komil.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Karachida og'ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz holidan xabar olindi
Malayziyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga