Logo

O'zbekiston Bosh konsulxonasi: Rossiyaning Kamchatka o'lkasida sodir bo'lgan zilzila oqibatida vafot etganlar orasida O'zbekiston fuqarolari yo'q

Iyul 30, 2025. 17:07 • 2 daq

55
O'zbekiston Bosh konsulxonasi: Rossiyaning Kamchatka o'lkasida sodir bo'lgan zilzila oqibatida vafot etganlar orasida O'zbekiston fuqarolari yo'q

VLADIVOSTOK, 30-iyul. /"Dunyo" AA/. Bugun Rossiyaning Kamchatka o'lkasi qirg'oqlariga yaqin joyda joylashgan Tinch okeanida kuchli zilzila qayd etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko'ra, zilzila oqibatida vafot etganlar orasida mamlakatimiz fuqarolari yo'q.

Zilzila epitsentri Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 161 km. janubi-sharqda, 32 km. chuqurlikda joylashgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, yer silkinishi magnitudasi 8,7 ballni tashkil etib, 1952-yildan keyin Kamchatka o'lkasida sodir bo'lgan yer silkinishlari orasida eng kattasi hisoblanadi.

Mutaxassislar yana kamida bir oy davomida qayta sodir bo'lishi mumkin bo'lgan kuchli zilzila jarayoni haqida ogohlantirmoqda. Vaziyat Kamchatka o'lkasining vakolatli xizmat va tashkilotlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Tinch okeanida sodir bo'lgan zilziladan so'ng Kamchatka o'lkasi va Saxalin viloyatidagi bir qancha aholi punktlari uchun sunami xavfi e'lon qilindi.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kamchatka o'lkasi va Saxalin viloyati qirg'oqlarida istiqomat qiluvchi aholiga suv sathidan balandroq joylarga chiqishni va suvga yaqinlashmaslikni tavsiya qilmoqda.

Kamchatka o'lkasi Sog'liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, "zilzila vaqtida jabrlangan mahalliy fuqarolar shifokorlar nazoratida", barcha bemorlarga zaruriy yordamlar ko'rsatilmoqda, jiddiy jarohat olganlar mavjud emas.

Bosh konsulxona Kamchatka o'lkasi va Saxalin viloyati hududida vaqtincha bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolarini favqulodda vaziyatlar xizmatlari ko'rsatmalariga rioya qilishga va xotirjamlikni saqlashga chaqiradi.

Zarur hollarda O'zbekiston Respublikasi fuqarolari mamlakatimizning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasining quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin:

+7(423) 260-48-00

+7(902) 078-70-07.

"Bloomberg" AA olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish