Germaniyada "O'zbek tilini o'rganamiz" shiori ostida tashkil etilgan "Baxtiyor oila bolajon" loyihasining bir yilligi nishonlandi

Noyabr 13, 2024. 09:21 • 2 daq

302
Germaniyada "O'zbek tilini o'rganamiz" shiori ostida tashkil etilgan "Baxtiyor oila bolajon" loyihasining bir yilligi nishonlandi

FRANKFURT-MAYN, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahridagi "Baxtiyor oila" loyihasi qoshida tashkil etilgan "Baxtiyor oila bolajon" loyihasining bir yilligi nishonlandi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

"Baxtiyor oila bolajon" loyihasi 2023-yilda hamyurtimiz Gulshoda Abduhamid tashabbusi bilan 7-10 yoshli bolalar uchun "O'zbek tilini o'rganamiz" shiori ostida tashkil etilgan. Germaniyaning turli hududlarida yashovchi o'zbek oilalari uchun bunday tashabbus farzandlari chet tili bilan birgalikda o'zining ona tilini mukammal o'zlashtirishida ayni muddao bo'ldi.

Loyiha doirasida haftada bir marta o'zbek tilidan qiziqarli dastur asosida darslar o'qitilyapti. Ayni paytda bu yerda 7 ta guruhda bolalarga o'zbek tili o'rgatilmoqda. Yil yakunida barcha o'quvchilar faxriy yorliq bilan taqdirlanadi.

Tadbir davomida bolajonlar o'zbek tilida she'rlar aytib berishdi va qo'shiqlar ijro etishdi.

"Baxtiyor oila" loyihasi O'zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko'magida 2022-yil tashkil etilgan. U Germaniyada istiqomat qilayotgan o'zbekistonlik yoshlarni birlashtirish, ularni qo'llab-quvvatlash, xorijda ulg'ayayotgan avlodni milliy ruhda tarbiyalash va oilaviy qadriyatlarni targ'ib qilishga qaratilgan.

Bundan tashqari, loyiha qoshida ayollarni qo'llab quvvatlashga bo'yicha "O'zbegoyim Community" platformasi faoliyat yuritadi. Mazkur platforma Germaniyada istiqomat qilayotgan 300 dan ortiq o'zbek xotin-qizlari uchun seminar va turli madaniy tadbirlarni tashkil etmoqda.

Kelajakda "Baxtiyor oila" loyihalarini kengaytirish, ayollarni ijtimoiy va ruhiy qo'llab-quvvatlash hamda Germaniyada ulg'ayayotgan bolajonlarga o'zbek tilini o'rgatish va milliy qadriyatlarimizni singdirishga xizmat qiladigan dasturlarni kengaytirish rejalashtirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish