Logo

Kosta-Rika AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar xorijlikni, shu jumladan, O'zbekiston fuqarolarini qabul qilishini ma'lum qildi

Fevral 20, 2025. 20:44 • 2 daq

464
Kosta-Rika AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar xorijlikni, shu jumladan, O'zbekiston fuqarolarini qabul qilishini ma'lum qildi

SAN-XOSE, 20-fevral. /"Dunyo" AA/. Kosta-Rika O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Reuters" agentligi ma'lumotiga ko'ra, AQShdan kelgan muhojirlar Kosta-Rikada olti haftagacha ushlab turilishi va vataniga jo'natilishi mumkin. Deportatsiya qilinganlar maxsus joyda saqlanadi va ular ushbu hududni tark eta olmaydilar.

AQShdan uchgan va asosan Osiyo mamlakatlaridan bo'lgan 135 nafar noqonuniy muhojirni olib ketayotgan birinchi deportatsiya samolyoti bugun Kosta-Rikaga qo'nishi kutilmoqda. Ushbu muhojirlarning 65 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil qiladi.

O'zbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Axror Burxanov "Dunyo" AA uchun intervyusida vaziyatni quyidagicha izohladi:

– O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi uzoq yillardan buyon O'zbekiston fuqarolarining o'z vatanlariga xavfsiz deportatsiyasini ta'minlash maqsadida AQShning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bizning kelishuvlarimizga asosan, Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan fuqarolarimizning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. O'rnatilgan amaliyotga ko'ra, fuqarolarimiz vatanga Nyu-York-Toshkent yo'nalishi orqali qaytadi.

OAVda O'zbekiston fuqarolarining boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi ma'lumotlarni kuzatib boryapmiz. Ushbu masala yuzasidan diplomatik vakolatxonalarimiz Amerika tomonidan boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ma'lumot berishni so'rab murojaat qildi. Bundan tashqari, bu borada Lotin Amerikasi davlatlari bilan diplomatik kanallar orqali ham aloqalar o'rnatilgan.

Diplomatik vakolatxonalarimiz O'zbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda bo'lishidan qat'iy nazar, hartomonlama yordam ko'rsatadi.

 

"AFP" agentligi saytidan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish