O'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari Budapeshtda o'tkazilgan xalqaro yarmarkada e'tirof etildi
Avgust 20, 2024. 15:46 • 2 daq
• 235
BUDAPESHT, 20-avgust. /"Dunyo" AA/. Budapeshtda bo'lib o'tayotgan hunarmandchilik yarmarkasida o'zbek milliy hunarmandchiligining ajoyib namunalari — qo'lda ishlangan gilamlar, nafis matolar, zargarlik va kulolchilik buyumlari namoyish etilmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ko'rgazmada taqdim etilayotgan mahsulotlar shunchaki buyum emas, balki ko'p asrlik an'analarga muhabbat va hurmatni o'zida aks ettirgan san'at asarlaridir.
O'zbekistonlik hunarmandlarning Budapesht yarmarkasiga jalb etilishi Sharq va G'arb o'rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam bo'ldi. Yarmarkaga kelayotganlar o'zbek madaniyati bilan yaqindan tanishish, hunarmandlar mehnatini qadrlash va ularning ijodidagi har bir elementning ma'no-mazmunini chuqur anglash imkoniga ega bo'ldilar.
Budapeshtdagi yarmarkada ishtirok etish o'zbekistonlik hunarmandlar uchun nafaqat o'z mahoratini namoyish etish imkoniyati, balki xalqlar o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim omil bo'ldi. Hunarmand-ustalar o'zlari yaratgan san'at asarlari Yevropa tomoshabinlarida katta taassurot qoldirayotganini bildirish barobarida, qit'aning madaniy xilma-xilligiga hissa qo'shganlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.
Yarmarkada o'zbekistonlik hunarmandlarning muvaffaqiyatli ishtirok etishi madaniy almashinuv va hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi ufqlarni ochdi. Ushbu tadbir san'at va an'analar dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlarni birlashtirishi, o'zaro tushunish va hurmatni kuchaytirishi mumkinligini yana bir karra tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi