Logo

Seulda o'zbekistonlik talabalar ishtirokida yoshlar forumi o'tkazildi

Noyabr 13, 2025. 11:42 • 2 daq

148
Seulda o'zbekistonlik talabalar ishtirokida yoshlar forumi o'tkazildi

SEUL, 13-noyabr /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri – "Dongseo" universitetida ushbu mamlakatda yashayotgan va tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirokida yoshlar forumi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elchixona vakillari forumda O'zbekistonda yoshlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, sifatli ta'lim olishi va vatan taraqqiyotiga hissa qo'shishi uchun sharoitlar yaratilayotganini ta'kidladi. Xususan, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko'tarilgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlar salohiyatini ro'yobga chiqarish, ularning intilish va g'oyalarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qator dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Mazkur forum Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o'zbekistonlik yoshlar o'rtasida o'zaro bilim almashish, huquqiy savodxonlikni oshirish, kasbiy rivojlanish va o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun muhim platformaga aylandi.

Tadbirda savdo, axborot texnologiyalari va tibbiyot sohalarida katta yutuqlarga erishgan vatandoshlarimiz so'zga chiqdi. Ular o'zlarining muvaffaqiyat sirlari, shaxsiy va kasbiy tajribalari hamda g'oyalari bilan o'rtoqlashdi.

Forum ishida 120 nafardan ortiq talaba ishtirok etib, yangi bilim va tajriba orttirdi, muloqot doirasini kengaytirdi.

Ushbu anjuman nafaqat yosh avlod uchun ilhom manbai bo'ldi, balki xorijda istiqomat qilayotgan iste'dodli va Vatanga sodiq o'zbek yoshlari o'rtasidagi hamkorlik va birdamlik ko'prigini yanada mustahkamladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish