Vashingtonda O'zbekiston Prezidentining Nyu-York shahriga tashrifi doirasida boshlangan "Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni"ning navbatdagi tadbiri bo'lib o'tdi
Oktabr 03, 2025. 09:57 • 3 daq
• 39
VASHINGTON, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi doirasida start berilgan "Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni"ning navbatdagi anjumani bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Biznes-marofon tadbirlari yurtimiz elchixonasi, O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, "Yoshlar – kelajagimiz" jamg'armasi va "M-Faktor" kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ma'ruzachi va ishtirokchilar o'rtasida interaktiv formatda jonli muloqot o'tkazilib, "portfel" sarmoyalar, onlayn savdo, ta'lim, axborot texnologiyalari hamda eksport-import operatsiyalarida AQSh standartlari hamda fitosanitar talablariga javob berish kabi dolzarb masalalarda tajriba almashildi.
Elchi Furqat Sidikov o'z nutqida, O'zbekiston Prezidentning Nyu-York shahriga amalga oshirgan tarixiy tashrifi haqida so'zlab berdi. Xususan, davlatimiz rahbarining AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan o'tkazgan uchrashuvi, vatandosh va talaba yoshlar bilan bo'lib o'tgan mazmunli muloqotining asosiy jihatlari haqida ta'kidlandi.
"M-Faktor" va "Dekos" kompaniyalari asoschilari Hasan va Husan Mamasaidov biznes-marafonining asosiy maqsadi diaspora va O'zbekiston o'rtasida ko'prik vazifasini bajarish ekanligini qayd etdilar.
24 sentyabr kuni Nyu-York shahrida O'zbekiston Prezidenti shaxsan "Vatandoshlar biznes marafoni"ni ochib bergani va endilikda ushbu platforma mamlakatimizning barcha xorijdagi elchixonalarida navbat bilan o'tkazilishi ma'lum qilindi.
"Fintelekt" moliya platformasi asoschisi Tamila Qurbonova mazkur biznes-marafon amerikalik vatandoshlar orasida ilk bor o'tkazilayotganini alohida ta'kidlab, ushbu tashabbus AQShdagi barcha o'zbek diasporasi vakillari ishtirokida, turli shtatlarda davom ettirishni taklif etdi.
Shuningdek, u davlatimiz rahbarining AQShdagi vatandosh tadbirkorlarga qaratayotgan katta e'tiborini yuqori baholadi. "O'zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, Amerikadagi hamyurtlarimizni Vatanga investitsiya kiritish jarayonlarini yana-da jadallashtirmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda moliyaviy savodxonlik, moliyaviy texnologiyalar, fintex sohasi, qimmatli qog'ozlar, blokcheyn va raqamli savdo tizimlari jadal rivojlanyapti. Shuningdek, mamlakatimizda moliyaviy raqamlashtirish jarayonlari faol kechayotgani aholi orasida qo'shimcha daromad mexanizmlari samaradorligini oshirishga xizmat qilayapti", – dedi Tamila Qurbonova.
"Thompson" xalqaro maktablar tarmog'i asoschisi Shaxzod Baxodirov o'z navbatida ta'lim sohasidagi islohotlar va xususiy tashabbuslarning ahamiyati haqida to'xtaldi. "AQShdagi o'zbek tadbirkorlarining xalqaro miqyosdagi tajribalarini O'zbekistondagi ta'lim tizimi rivojiga yo'naltirishi muhim. Xalqaro ta'lim standartlariga mos xususiy maktablarni tashkil etish, zamonaviy o'qitish usullarini joriy qilish va o'qituvchilar malakasini oshirish kelajak avlodni raqobatbardosh kadrlar sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi. O'zbekistonda ta'lim sohasi bugungi kunda juda dolzarb va istiqbolli yo'nalishga aylanmoqda, zero aholining bilim olishga chanqoqligi tobora ortib bormoqda", – dedi u.
Vashingtonda bo'lib o'tgan "Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni" ochiq muloqot va amaliy takliflarga boy tarzda o'tdi. Anjumanda tadbirkorlar moliya, ta'lim, axborot texnologiyalari va savdo sohalaridagi tajribalari bilan o'rtoqlashib, hamkorlikning yangi yo'nalishlarini belgilab oldilar.
Shu bilan birga, ishtirokchilar "Amerikalik tadbirkor vatandoshlar" uyushmasini tuzishga kelishib oldilar.
"Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni"ni doirasidagi konferensiyalar Nyu-Jersi va Florida shtatlarida ham muvaffaqiyatli o'tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Karachida og'ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz holidan xabar olindi
Malayziyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga