Logo

O'zbekiston vakili Britaniyaning nufuzli mukofoti bilan taqdirlandi

May 18, 2024. 14:03 • 2 daq

256
O'zbekiston vakili Britaniyaning nufuzli mukofoti bilan taqdirlandi

LONDON, 18-may. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 13-may kuni Britaniya kengashi tomonidan ta'sis etilgan "Study UK Alumni Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Quvonarlisi, Britaniyaning Edinburg universiteti bitiruvchisi, SpeakEng mobil ilovasi asoschisi vatandoshimiz Iskandar Sattibayev "Study UK Alumni Awards" mukofotining "Madaniyat va ijodkorlik" yo'nalishida g'olib deb e'lon qilindi.


 Tanlovning "Ilm-fan va barqaror rivojlanish" yo'nalishida Kembrij universiteti bitiruvchisi Trang Nguyen (Vyetnam), "Ijtimoiy faollik" yo'nalishi bo'yicha Suonsi universiteti bitiruvchisi Oluvaseun Ayodedji Osovobi (Nigeriya), "Biznes va innovatsiya" yo'nalishida Kembrij universiteti bitiruvchisi Iszin Van (Xitoy) tanlov g'olibi deb topildi.


Taqdirlash marosimida Qirollik hukumati vaziri baronessa Nevill-Rolf, Britaniya kengashi bosh direktori o'rinbosari Keyt Evart-Biggs, shuningdek boshqa rasmiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


"Study UK Alumni Awards" mukofotlash marosimi Britaniya kengashi tomonidan ta'sis etilgan bo'lib, u har yili o'tkaziladi. Tanlovda Buyuk Britaniyada tahsil olgan va yuqori natijalarga erishgan sobiq talabalar ishtirok etishlari mumkin. Uning saralash va yakuniy bosqichlari har bir yo'nalish bo'yicha onlayn tarzda bo'lib o'tadi. Taqdirlash marosimi keng jamoatchilik ishtirokida an'anaviy tarzda London shahrida uyushtiriladi.


Iskandar Sattiayev 2008-yilda Edinburg universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Mutaxassisligi ingliz tili o'qituvchisi. Hozir kunda Andijondagi "BIS" ta'lim markazi direktori sifatida faoliyat yuritmoqda.


Uning ingliz tilini tez va oson usullarda o'rgatish metodikasiga bag'ishlangan "SpeakEng" mobil ilovasi va mahalliy "Taraqqiyot" telekanalidagi "Live English" nomli ma'rifiy ko'rsatuvi, shuningdek, ingliz tilini o'zlashtirish darsliklari "Study UK Alumni Awards"ning "Madaniyat va ijodkorlik" yo'nalishi bo'yicha g'olib deb topildi.


Baronessa Nevill-Rolf va Keyt Evart-Biggs g'oliblarni taqdirlar marosimidagi nutqlarida O'zbekistonda ta'lim tizimi juda tez rivojlanayotganini, xususan, mamlakat yoshlariga ingliz tilini o'rgatish respublika rahbariyatining eng ustuvor yo'nalishlardan biriga aylanganini qayd etishdi. Shuningdek, ular Britaniya tomoni ushbu jabhada O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor ekanini tasdiqlashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish