O'zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida «Yosh avlod tarbiyasida oilaning o'rni» mavzusida ma'rifiy tadbir tashkil etdi
Fevral 16, 2024. 19:58 • 3 daq
• 159
BERLIN, 17-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida «Yosh avlod tarbiyasida oilaning o'rni» mavzusida ma'rifiy tadbir tashkil etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Germaniyaning turli federal o'lkalaridan kelgan yuzga yaqin vatandoshlar, diplomatik vakolatxona vakillari hamda ularning oila a'zolari qatnashdi.

O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov tadbirning ochilish qismidagi nutqida, so'nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan yosh oilalarga qaratilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik, ularni huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta'minlash, shuningdek, mamlakatimizda madaniy-ma'rifiy jabhada amalga oshirilayotgan o'zgarishlar to'g'risida batafsil so'zlab berdi. Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, munis va mehridaryo onalarimiz, opa-singillarimizning oilada tutgan muhim roliga, davlatimiz tomonidan so'ngi yillarda ayollarning jamiyatdagi o'rnini mustahkamlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar va chora-tadbirlarga e'tibor qaratdi.
Tadbir doirasida Germaniyadagi vatandoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan va bugungi kunda butun mamlakat bo'ylab faoliyat olib borayotgan «Baxtiyor oila» loyihasining oltinchi davra suhbati o'tkazildi.
Unda so'zga chiqqanlar ushbu tadbir mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud ayyomlari nishonlanayotgan kunlarida bo'lib o'tayotgani, ular qoldirgan ma'naviy merosning yosh avlod tarbiyasida tutgan muhim o'rni haqida to'xtaldilar.
Ushbu shakldagi uchrashuvlar va davra suhbatlari xorijdagi vatandoshlarni birlashtirishga, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga hamda mamlakatimiz bilan uzviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi urg'ulandi.

«Baxtiyor oila» loyiha asoschisi va menejeri Begoyim Sodiqova:
- Xorijga ilm va tajriba izlab kelayotgan hamyurtlarimizning soni ko'payib borayotgani va ularni qo'llab-quvvatlash maqsadida «Baxtiyor oila» loyihasiga asos solindi.
Asosiy maqsadimiz milliy urf-odatlarimizga rioya qilgan holda oila qurish, qadriyatlarimizni saqlab qolayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlashdir. Kelajakda mazkur loyihani kengaytirish va Yevropadagi barcha vatandoshlarga xizmat qiluvchi dastur ustida ishlayapmiz. Bugungacha Germaniya bo'ylab Frankfurt-Mayn, Myunxen va boshqa shaharlarda jami 5 ta davra suhbati o'tkazdik. Oltinchi davra suhbatini esa Berlinda o'tkazyapmiz.

«Baxtiyor oila» loyihasi faoli Lobar Babayeva:
- Uch yildan beri Germaniyada istiqomat qilaman. Uch nafar farzandim bor. Bir guruh o'zbekistonlik ayollar birlashib. 2023-yil yanvar oyida «Baxtiyor oila» loyihasiga asos soldik. Ushbu loyiha o'z nomi bilan shu mamlakatda tahsil olayotgan yoki mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlarimizga har tomonlama ko'maklashishga qaratilgan.
Yoshlarimiz Germaniya yoki Yevropaga o'qish yoki ishlash istagida kelsalarda ularning milliy qadriyatlarimizni davom ettirish, uning asosida oila qurish xohishlari borligi bu bizni rag'batlantiradi. Kemaga tushganning joni bir deganlaridek, xorijda yashayotgan o'zbek oilalarning farzandlari ham shu yerda voyaga yetayapdi. Ular safida bizning ham farzandlarimiz bor. Bu degani, biz ham farzandlarimiz o'zbekona oila qurishini, milliy qadriyatlarimizni saqlab qolishlarini xoxlaymiz. Ushbu yo'lda xizmat qilayotganimizdan mamnunmiz.
Bugun Berlindagi O'zbekiston elchixonasida «Baxtiyor oila» loyihasining oltinchi davra suhbatini o'tkazdik. Tadbirga butun Germaniyadan o'zbek yoshlari jam bo'lishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi