Logo

O'zbekiston charm sanoatini rivojlantirishda Ispaniya tajribasini o'rganmoqda

Iyun 28, 2025. 15:21 • 2 daq

81
O'zbekiston charm sanoatini rivojlantirishda Ispaniya tajribasini o'rganmoqda

MADRID, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida "O'zcharmsanoat" uyushmasi delegatsiyasining Ispaniyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida Ispaniyaning terini qayta ishlash assotsiatsiyasi (ACEXPIEL) bilan muzokaralar chog'ida charm sanoatida ekologik barqarorlikni ta'minlash, jumladan, chiqindilarni kamaytirish, ishlab chiqarish qoldiqlarini qayta ishlash va qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, "ACEXPIEL" a'zolarining O'zbekistondagi terini qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilishda, jumladan, texnologik yangilash, ekologik standartlar va mahsuldorlikni oshirishda ishtirok etish istiqbollarini ko'rib chiqdilar.

O'zbekiston va Ispaniya o'rtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, qo'shma ilmiy izlanishlar olib borish, har ikki mamlakat charm sanoati mutaxassislari uchun mavzuli mahorat darslari, seminar va amaliy mashg'ulotlar tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.

"O'zcharmsanoat" uyushmasi va "ACEXPIEL" kompaniyasi o'rtasidagi muzokaralar yakunida uzoq muddatli va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Ispaniya charm kimyogarlari assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda tomonlar zamonaviy kimyoviy materiallardan foydalanish, ekologik toza texnologiyalar va charm sanoatida barqaror ishlab chiqarish bo'yicha tajriba almashdi.

"O'zcharmsanoat" uyushmasi delegatsiyasi Yevropadagi eng yirik va texnologik jihatdan ilg'or charm klasterlaridan biri – "Leather Cluster Barcelona – Igualada Hub"ga ham tashrif buyurdi. O'zbekistonda ishlab chiqarish zanjirini boshqarish samaradorligini oshirish, kompaniyalar o'rtasidagi hamkorlikni rag'batlantirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beruvchi ana shunday klaster modelini joriy etish yuzasidan maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi.

Bundan tashqari, klaster tomonidan Barselonada o'tkaziladigan ko'rgazmalar, seminarlar va treninglarda O'zbekiston kompaniyalarning ishtirokini ta'minlash imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu esa o'zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini ilgari surish, kasbiy tajribani kengaytirish va yevropalik hamkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni yo'lga qo'yish uchun yangi ufqlarni ochadi.

Muzokaralar davomida O'zbekiston tomoni "ACEXPIEL", "AQEIC" va "Leather Cluster Barcelona" vakillarini mamlakatimiz charm sanoatining holati va salohiyati bilan tanishish, shuningdek, 2025-yil oktyabr oyida bo'lib o'tadigan xalqaro to'qimachilik ko'rgazmasida ishtirok etish uchun yurtimizga taklif qildilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish