Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Qohira suv haftaligi tadbirlarida ishtirok etdi

Oktabr 18, 2025. 14:06 • 2 daq

62
O'zbekiston delegatsiyasi Qohira suv haftaligi tadbirlarida ishtirok etdi

QOHIRA, 18-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Misr poytaxtida Qohira suv haftaligi va suv resurslarini rivojlantirish hamda boshqarish bo'yicha Islomiy hamkorlik tarmog'ining 38-Bosh Assambleyasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjuman "Iqlim va suv barqarorligi uchun innovatsion yechimlar" shiori ostida o'tkazilib, unda dunyoning ko'plab mamlakatlaridan vazirlar, mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston suv xo'jaligi vaziri Shavkat Xamrayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Qohira suv haftaligi suv resurslarini boshqarish va muhofaza qilish sohasidagi eng nufuzli xalqaro maydonlardan biri bo'lib, bu yilgi anjuman mintaqaviy va global suv xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli muhokamalarni o'z ichiga oldi.

Tadbir davomida suv xo'jaligi va irrigatsiya sohasidagi zamonaviy texnologiyalarga bag'ishlangan ko'rgazma ham bo'lib o'tdi. Unda tomchilatib va yomg'irlatib sug'orish tizimlarining yangi turlari, avtomatlashtirilgan hisoblagichlar va sensorli boshqaruv uskunalari namoyish etildi.

O'zbekiston va Misr delegatsiyalari o'rtasida o'tkazilgan uchrashuvlarda ikki mamlakat suv xo'jaligi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, uchrashuvlarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar – Suv kodeksining qabul qilinishi, 2025-2028 yillarga mo'ljallangan suv resurslarini boshqarish dasturi, 2,5 ming kilometrdan ortiq irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va 1,4 million gektar maydonda tomchilatib sug'orish tizimlarini joriy etish kabi ustuvor vazifalar haqida ma'lumot berildi.

Haftalik doirasida O'zbekiston suv xo'jaligi vaziri Shavkat Xamrayev bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazdi. Jumladan, Jahon suv kengashi prezidenti Lui Foshon, Suv resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo'yicha Islomiy hamkorlik tarmog'i ijroiya direktori doktor Marvan al-Raggad va Misr Suv resurslari va sug'orish vaziri doktor Hani Suvaylam bilan muzokaralar bo'lib o'tdi.

Uchrashuvlarda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, qo'shma pilot loyihalarni amalga oshirish va ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga keng urg'u berildi.

Misr suv xo'jaligi va melioratsiya vazirligi huzuridagi Nil suv tadqiqotlari ilmiy markazi direktori Husam Sersavi kechgan muloqotda suvdan maqsadli foydalanish va samarali boshqarish choralarini ishlab chiqish, innovatsion moliyaviy mexanizmlarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar Nil markazi va O'zbekiston Suv xo'jaligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, qo'shma tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish