Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Abu-Dabida bo'lib o'tgan global temir yo'l infratuzilmasiga bag'ishlangan xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi

Oktabr 14, 2025. 11:31 • 55 soniya

65
O'zbekiston delegatsiyasi Abu-Dabida bo'lib o'tgan global temir yo'l infratuzilmasiga bag'ishlangan xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi

ABU-DABI, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. BAAning Abu-Dabi shahridagi milliy ko'rgazmalar markazida "Global Rail Transport Infrastructure Exhibition and Conference" ko'rgazmasi va konferensiyasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Konferensiya ekspertlar va qaror qabul qiluvchilarni transport sohasining kelajagini muhokama qilish va global aloqani yaxshilash uchun innovatsion yechimlarni izlash yo'lida birlashtirgan yetakchi xalqaro platformaga aylandi.

Mazkur tadbirda O'zbekiston transport vaziri o'rinbosari Jasurbek Choriyev va "O'zbekiston temir yo'llari" AJ Boshqaruv raisi birinchi o'rinbosari Xikmatilla Raxmetov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

O'zbekiston transport vaziri o'rinbosari "Millatlararo bog'liqlikni yaratish: barqaror rivojlanishni ta'minlashda transport va infratuzilmaning roli" mavzusidagi panel sessiyasida ma'ruza qildi.

U o'z ma'ruzasida transport infratuzilmasining barqaror rivojlanishi, iqtisodiy o'sish va ijtimoiy integratsiyada hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidlab, o'zaro transport bog'liqligini mustahkamlash mintaqaviy integratsiya va xalqaro savdoni kengaytirishning asosiy omili ekanligini qayd etdi.

O'zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, tashrifi chog'ida bir qator xorijiy kompaniyalar bilan samarali muzokaralar olib bordi hamda texnologiyalar, innovatsiyalar va moliyaviy yechimlarga ixtisoslashgan yirik jahon kompaniyalari pavilyonlarini ko'zdan kechirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish