Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Islomobodda bo'lib o'tan Parlamentlararo spikerlar konferensiyasining birinchi majlisida ishtirok etdi

Noyabr 14, 2025. 16:17 • 2 daq

41
O'zbekiston delegatsiyasi Islomobodda bo'lib o'tan Parlamentlararo spikerlar konferensiyasining birinchi majlisida ishtirok etdi

ISLOMOBOD, 14-noyabr /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Islomobod shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo spikerlar konferensiyasining birinchi majlisida qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot" mavzusida o'tkazilgan xalqaro tadbirda 38 ta mamlakat parlament delegatsiyalari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanning ochilishida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, mamlakat parlamenti Senati raisi Yusuf Rizo G'iloniy, Parlamentlararo spikerlar konferensiyasi bosh kotibi Natx Dakal va Pokiston parlamenti Senati raisi maslahatchisi, Parlamentlararo spikerlar konferensiyasi elchisi Misbah Kxar nutq so'zladi.

Bosh vazir Shahboz Sharif o'z nutqida, Pokiston azaldan tinchlik, muloqot va diplomatik yechimlar tarafdori bo'lib, barqarorlikni milliy va mintaqaviy rivojlanishning asosi deb bilishini qayd etdi. U mamlakat global beqarorlik oqibatlarini his etib kelayotganiga qaramay, tinchlik va xavfsizlikka sodiq qolganiga urg'u berdi.

Pokiston parlamenti Senati raisi Yusuf G'iloniy o'z nutqida tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot barqaror o'sishning ajralmas tayanchi ekanini ta'kidlab, mazkur konferensiyaning tashkil etilishi umumiy muammolarni muhokama qilish va birgalikda yechimlar ishlab chiqish uchun Global Shimol va Global Janub vakillarini birlashtirgan parlament diplomatiyasini mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam deya atadi.

O'zbekiston delegatsiyasi rahbari o'z navbatida dunyo hamjamiyati oldida turgan global muammolarga yechim topish, tinchlikni ta'minlash, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, yangi transport koridorlarini ochish va parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish bo'yicha O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va takliflar haqida batafsil so'zlab berdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari tadbir doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazdi.

Bo'lib o'tgan uchrashuvlarda ikki tomonlama aloqalarni, xususan, parlamentlararo hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, Islomobod shahriga tashrif doirasida Pokiston diplomatik xizmat akademiyasi bosh direktori Sayid Ali Asad G'iloniy bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda joriy yilning fevral oyida ikki mamlakat diplomatik akademiyalari o'rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvlari ijrosi, xususan, o'zaro akademik almashinuvlar ko'lamini oshirish masalalari ko'rib chiqildi.

Parlamentlararo spikerlar konferensiyasi 2025-yil 11-aprelda Seul shahrida Pokiston parlamenti Senati Raisi Yusuf G'iloniy tashabbusi bilan ta'sis etilgan. Tuzilma bosh kotibi Nepal vakili Natx Dakal hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish