Logo

O'zbekiston Xalqaro malakalar va baholash markazi Birmingem universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatmoqda

Avgust 24, 2025. 11:30 • 59 soniya

45
O'zbekiston Xalqaro malakalar va baholash markazi Birmingem universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatmoqda

LONDON, 24-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Buyuk Britaniya Birmingem universiteti Global hamkorlik departamenti boshlig'i Kler Belkadi va O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tarkibidagi Xalqaro malakalar va baholash markazi (XMBM) direktori Husnidin Homidov o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot avalida xorijiy tomonga XMBM faoliyati haqida ma'lumot berildi. Xususan, dunyoning bir qator universitetlari, shu jumladan Britaniya oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda O'zbekiston ta'lim tizimiga akademik va kasbiy dasturlarni joriy etish hamda talabalar uchun akademik mobillik va xalqaro ta'lim imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib borayotgani ta'kidlandi.


Tomonlar turli yo'nalishlarda, xususan "dual diploma" dasturlari, franchayzing asosida universitet tashkil etish hamda o'qituvchilar va talabalar almashinuvi sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilindi.


Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo'nalishlar bo'yicha ekspertlar darajasida ishchi muzokaralarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.


1900-yilda tashkil etilgan Birmingem universiteti Buyuk Britaniyaning eng qadimgi va nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet "Russell Group" guruhi, Yevropa tadqiqot universitetlari ligasi va boshqa yirik akademik tashkilotlarning a'zosi sanaladi. "QS World University Rankings" xalqaro reytingida 76-o'rinda, "Times Higher Education" reytingida 93-pog'onada qayd etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish