O'zbekiston Latviya va Litva bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi
Iyul 15, 2025. 10:31 • 2 daq
• 84
RIGA, 15-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida joriy yilning 8-12-iyul kunlari O'zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxanov boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyaning Latviya va Litvaga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burxanov safar davomida "Transparency International Latvia" direktori Krista Asmusa, Latviya Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi rahbari o'rinbosari Yanis Roze hamda Litva Maxsus tergov xizmati rahbari Linas Pernavas bilan uchrashuvlar o'tkazdi.
Latviya Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi rahbari o'rinbosari Yanis Roze bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda normativ-huquqiy hujjatlar, ularning loyihalari hamda yirik qurilish loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazish tartibi va amaliyoti, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash tartibi va yo'nalishlari, davlat xaridlari jarayonlarini monitoring qilish yo'nalishida tajriba almashish xususida fikr almashildi.
Litva Maxsus tergov xizmati rahbari Linas Pernavas bilan kechgan muloqot davomida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlari, xalqaro hamkorlikning bu sohadagi roli va ahamiyati, shuningdek, Litva bilan tajriba almashishning muhimligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va kadrlar malakasini oshirish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yishning muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va Litva Maxsus tergov xizmati o'rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi