Logo

O'zbekiston Prezidentining BMTdagi tashabbuslari UNIDOning Venadagi bosh qarorgohida bo'lib o'tgan maxsus yig'ilishda e'tirof etildi

Oktabr 13, 2025. 13:03 • 2 daq

128
O'zbekiston Prezidentining BMTdagi tashabbuslari UNIDOning Venadagi bosh qarorgohida bo'lib o'tgan maxsus yig'ilishda e'tirof etildi

VENA, 13-oktyabr. /"Dunyo" AA/. BMT Sanoatni rivojlantirish tashkilotining (UNIDO) Vena shahrida joylashgan bosh qarorgohida tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi a'zo davlatlari doimiy vakillarining maxsus yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonning UNIDOdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov ishtirok etdi. U o'z nutqida yaqinda Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan takliflar, shu jumladan, Markaziy Osiyoda UNIDO bilan sanoatda "yashil" texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish tashabbusi mazmun-mohiyatiga tadbir ishtirokchilarining e'tiborini qaratdi.

Xususan, so'nggi yillarda Markaziy Osiyo tinchlik, yaxshi qo'shnichilik va sheriklik makoniga aylangani, yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs

va nizolar davri tarixda qolgani, mintaqamizda o'zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi yildan yilga oshib borayotgani, qo'shma investitsiya jamg'armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil qilinayotganligi, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotganligi ta'kidlandi.

Bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlangani, mintaqamiz o'zining hamjihatligi, barqarorligi, o'ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam o'rin egallab borayotgani tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.

Yig'ilish davomida UNIDO tomonidan mintaqamizda amalga oshirilayotgan texnik ko'mak loyihalari holati hamda yaqin kelajakda sanoatni rivojlantirish uchun muhim bo'lgan istiqbolli yo'nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida UNIDO ekspertlari va tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyodagi a'zo davlatlari doimiy vakillari toza energiya, sanoat dekarbonizatsiyasi, resurslarni tejaydigan ishlab chiqarish, aylanma iqtisodiyot, iqlim texnologiyalari, yashil vodorod, raqamli transformatsiya, sun'iy intellekt, kichik va o'rta biznesni rivojlantirish, innovatsion moliyalashtirish, davlat-xususiy sherikchilik modellarini qo'llagan holda yangi texnik ko'mak loyihalarini amalga oshirish orqali hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.

UNIDO Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasiga Albaniya, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Vengriya, Gruziya, Qozig'iston, Qirg'iziston, Kipr, Malta, Shimoliy Makedoniya, Moldova, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Sloveniya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Xorvatiya, Chernogoriya, Chexiya, Ukraina hamda O'zbekiston kiradi.

Hozirda mintaqa davlatlari hududida YUNIDO ishtirokida 275 million AQSh dollari qiymatidagi jami 81 ta (74 ta milliy va 7 ta mintaqaviy) texnik ko'mak loyihasi amalga oshirilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish