O'zbekiston va Qatar atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi yo'nalishlarida hamkorlik qiladi
Mart 27, 2024. 14:59 • 2 daq
• 273
DOXA, 27-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ashraf Xodjayev Qatar atrof-muhit va iqlim o'zgarishi vaziri Abdullo Al-Subaiy bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida cho'llanishni oldini olish, suvni tejamkorlik bilan ishlatish, "yashil" iqtisodiyot kabi yo'nalishlarda o'zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir Abdullo Al-Subaiyning aytishicha, Qatar so'nggi yillarda mazkur yo'nalishlarga katta e'tibor qaratmoqda. Jumladan, mamlakatning "2030-yilgacha bo'lgan taraqqiyot strategiyasi" doirasida "yashil" iqtisodiyot, sahro sharoitida va yozdagi namlik hamda yuqori harorat holatida ko'kalamzorlashtirish, tomchilab sug'orish va ushbu jarayonlarga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, global iqlim o'zgarishi oqibatlari oldini olish maqsadida hamda Parij bitimiga muvofiq Qatar 2030-yilgacha umumiy chiqindilarni 25 foizga kamaytirish majburiyatini o'z zimmasiga olgani ma'lum qilindi. Ta'kidlanishicha, so'nggi paytlarda Qatarda "toza" energiyaga sarmoya kiritish va resurslardan samarali foydalanishga erishish uchun ko'plab loyiha va tashabbuslarni amalga oshirilmoqda.
O'z navbatida, Qatar tomoniga O'zbekistonning iqlim kun tartibi sohasidagi sa'y-harakatlari, "yashil" rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan oqilona foydalanish, cho'llanishga qarshi kurashish, shuningdek, ekologik inqiroz natijasida Orolbo'yi mintaqasidagi halokatli vaziyat haqida batafsil ma'lumot berildi.
Uchrashuv natijasida tajriba almashish, O'zbekiston va Qatarda o'tkaziladigan xalqaro tadbirlarda o'zaro delegatsiyalarning ishtirokini ta'minlash kabi yo'nalishlarda hamkorlikni faollashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi