Logo

O'zbekistonda Janubiy Koreya tomoni bilan birgalikda qurilish materiallari sohasida zamonaviy laboratoriya barpo etiladi

Mart 06, 2024. 16:12 • 2 daq

267
O'zbekistonda Janubiy Koreya tomoni bilan birgalikda qurilish materiallari sohasida zamonaviy laboratoriya barpo etiladi

SEUL, 6-mart. /"Dunyo"AA/. "O'zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi, "O'zsanoatqurilishbank" va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy safar bilan Janubiy Koreyada bo'lib turibdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Koreya Respublikasi muvofiqlangan laboratoriyalari (KML) tashkilotida bo'lib o'tgan muloqot chog'ida delegatsiya vakillari qurilish materiallari sifati hamda sinov laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Muzokaralar yakunida "O'zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi va Janubiy Koreya muvofiqlangan laboratoriyalari o'rtasida sinov laboratoriyasini tashkil etish bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Zamonaviy laboratoriya barpo etilgach, 30 dan oshiq qurilish materiallarining 300 ga yaqin sifat ko'rsatkichlari xalqaro standartlarda sinovdan o'tkazilishi yo'lga qo'yiladi.

KML Janubiy Koreyadagi qurilish materiallari va boshqa sohalarda sinov hamda sertifikatlash xizmatlarini taklif etuvchi nufuzli tashkilot sanaladi. Uning ushbu davlatda 20 ga yaqin sinov laboratoriyasi, dunyoning 6 ta mamlakatda vakolatxonasi, shuningdek, 30 mingga yaqin mijozlari va mingga yaqin yuqori malakali mutaxassislari mavjud.

Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan uchrashuv davomida ularga mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar, jumladan, ilg'or laboratoriya majmualarini olib kelib, kaolin xom ashyosi hamda boshqa asosiy turdagi mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan o'tkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida ma'lumot berildi.

O'zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi davom etmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish