Logo

O'zbekistonlik yuk tashuvchi va avtobus haydovchilari Slovakiyada ishlashi mumkin bo'ladi

Avgust 01, 2024. 11:35 • 2 daq

281
O'zbekistonlik yuk tashuvchi va avtobus haydovchilari Slovakiyada ishlashi mumkin bo'ladi

BRATISLAVA, 1-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Slovakiya avtomobilda tashuvchilar uyushmasi (ČESMAD) prezidenti Pavol Piyeshtyanskiy bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Muzokaralar chog'ida O'zbekiston mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini ish bilan ta'minlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, Slovakiyada avtomobilda tashuvlar sohasiga mamlakatimiz mehnat migrantlarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Slovakiya tomoniga O'zbekistonda so'nggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasini rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan davlat siyosati, mazkur yo'nalishda fuqarolar uchun yaratilgan imtiyozlar, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati to'g'risida batafsil so'zlab berildi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Slovakiya ichki mehnat bozorida 14 mingga yaqin professional haydovchilarga (yuk tashuvchi va avtobus) ehtiyoj mavjud. Qolaversa, yaqinda bir qator mamlakatlar fuqarolariga professional haydovchilik faoliyati bilan shug'ullanishlari uchun Slovakiya milliy vizasini berishni nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilingan. Shu sababli slovak tomoni O'zbekistondan ushbu toifadagi ishchi kuchini jalb qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uyushma o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, Slovakiyada bo'lib o'tadigan avtomobil transporti bo'yicha xalqaro tadbirlarda mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirokini ishlab chiqishga kelishildi.

Slovakiya avtomobilda tashuvchilar uyushmasi 1992-yilda tashkil etilgan. Uyushma 200 dan ortiq milliy va xalqaro avtomobilda yuk tashuvchi transport operatorlari va logistika kompaniyalarini birlashtiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish