Logo

"Raqamli O'zbekiston – 2030" strategiyasi "GLOBE Pakistan Summit – 2025" sammitida taqdimot qilindi

Iyul 11, 2025. 11:28 • 2 daq

18
"Raqamli O'zbekiston – 2030" strategiyasi "GLOBE Pakistan Summit – 2025" sammitida taqdimot qilindi

ISLOMOBOD, 11-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi tomonidan elektron tijorat sohasiga bag'ishlangan "GLOBE Pakistan Summit – 2025" sammitida maxsus mehmon sifatida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Sammitda, shuningdek, Pokiston Bosh vazirining yordamchisi Rana Ihsan Afzal Xan, Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Amna Baluch, Savdo vazirining birinchi o'rinbosari Javad Paul, Savdoni rivojlantirish agentligi rahbari Fayz Ahmad, Davlat banki departament direktori Faysal Mazhar, Islomoboddagi diplomatik korpus, davlat va xususiy sektor vakillari, shuningdek, "Ali Baba", "Daraz", "Jazz Cash", "Wildberries", "DHL Express" kabi yirik kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.

Tadbirda so'zga chiqqan Bosh vazir yordamchisi Rana Ihsan Afzal Xan, Pokistonning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari, jumladan, O'zbekiston bilan elektron tijorat orqali savdo hajmini oshirishga katta ahamiyat qaratayotganini ta'kidladi. Bunda O'zbekiston orqali amalga oshiriladigan logistika-transport zanjirlari va tranzit yo'laklar muhim o'rin tutishiga e'tiborni qaratdi

O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev o'z nutqida, mintaqaviy raqamli integratsiya, logistika imkoniyatlari va elektron tijorat platformalarini yo'lga qo'yishning ahamiyatiga to'xtaldi. Mamlakatimizdagi elektron tijoratni rivojlantirish, logistika infratuzilmasini takomillashtirish va raqamli to'lov tizimlarini keng joriy etishga qaratilgan islohotlar haqida ma'lumot berdi.

Sammitda onlayn shaklda qatnashgan O'zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Kamron Muhammadiyev "Raqamli O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasidagi ustuvor yo'nalishlar, onlayn to'lovlar va transchegaraviy savdo operatsiyalarini kengaytirishga doir taqdimot o'tkazdi.

Pokiston Savdo rivojlantirish agentligi rahbari Fayz Ahmad ikki mamlakat o'rtasida 2024-yil 4-noyabr kuni imzolangan "Elektron tijorat sohasida hamkorlik to'g'risidagi anglashuv memorandumi"ni amaliy bosqichga o'tkazish vaqti kelganini bildirib, qo'shma loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.

Sammitning ikkinchi qismida ishtirokchilar gibrid formatda tashkil etilgan panel sessiyalarda ishtirok etib, elektron tijorat sohasidagi imkoniyat va muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish