Logo

O'zbekiston hududlari va Rossiyaning Tomsk viloyati o'rtasidagi hamkorlik amaliy natijalarga qaratilgan

Oktabr 14, 2025. 09:25 • 2 daq

82
O'zbekiston hududlari va Rossiyaning Tomsk viloyati o'rtasidagi hamkorlik amaliy natijalarga qaratilgan

TOMSK, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 8-12-oktyabr kunlari Sirdaryo viloyati hokimi o'rinbosari Shohrux Isoqulov boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Rossiyaning Tomsk shahrida bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida O'zbekiston delegatsiyasi Tomsk viloyati gubernatori Vladimir Mazur bilan muzokara o'tkazdi.

"O'tgan yil kuz faslida biz hamkorlik to'g'risidagi memorandumni imzolab, keng qamrovli kelishuvni tayyorlashni boshladik. Bugun biz ushbu hujjat bo'yicha to'liq kelishib oldik. Men uni yaqin kelajakda imzolashni taklif qilaman", dedi Vladimir Mazur.

Uning ta'kidlashicha, Bitim hududlararo samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish imkonini beradigan aniq loyihalar bilan to'ldirilishi kerak. Masalan, Tomsk viloyati ilm-fan va texnologiya, sanoat va boshqa sohalarda qo'shma loyihalarni taklif qilishi mumkin.

Tomonlar neft-kimyo sanoatini rivojlantirish, elektronika, turizm va boshqa iqtisodiyot tarmoqlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

O'zbekiston delegatsiyasi Tomsk viloyati Savdo-sanoat palatasida samarali muzokaralar o'tkazdi. Muzokaralarda "Diva-M", "Miloslava", "Kit", "Novoxim", "Pet siti", "Armada", "Gaytur", "Sibir Turistik" kabi kompaniyalar rahbarlari va boshqalar qatnashdi.

Uchrashuvda 2025-yil aprel oyida Tomsk viloyati kompaniyalari rahbarlari va tadbirkorlarining O'zbekistonga safari nafaqat o'z tarixida birinchi bo'lgani, balki hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishning real shartlarini belgilab bergani alohida ta'kidlandi.

Guliston shahrida bo'lib o'tgan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan gubernatorning agrosanoat siyosati va atrof-muhitni boshqarish bo'yicha o'rinbosari Mixail Ratner boshchiligidagi Tomsk viloyati delegatsiyasining O'zbekistonga safari yakunlari yuqori baholandi.

O'zbekiston delegatsiyasi safar davomida Rossiyaning yetakchi texnika universiteti bo'lmish Tomsk politexnika universiteti, Tomsk davlat universitetida va Sibir qishloq xo'jaligi va torf ilmiy-tadqiqot instituti bo'ldi.

Safar davomida Tomsk do'stlik uyida o'zbek xalqining madaniy salohiyati, milliy liboslari va o'zbek taomlari namoyish etilgan taqdimot o'tkazildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish