Logo

Baholash tizimi, kasb-hunarga o'qitish va kitobxonlik madaniyati borasida Janubiy Koreya tajribasi o'rganilmoqda

Sentabr 28, 2024. 15:55 • 1 daq

190
Baholash tizimi, kasb-hunarga o'qitish va kitobxonlik madaniyati borasida Janubiy Koreya tajribasi o'rganilmoqda

SEUL, 28-sentabr. /"Dunyo" AA/. Shu kunlarda O'zbekiston Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo'lib turibdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya vakillari Koreya Milliy universitetida mazkur ta'lim dargohi professor-o'qituvchilari tomonidan tashkil etilgan o'quv-seminarida ishtirok etdi.

Unda o'quvchilarda tanqidiy hamda ijodiy fikrlash ko'nikmalarini shakllantirish, baholash tizimining ta'lim sifatini oshirishdagi roli, maktablarda do'stona ijtimoiy muhitni shakllantirish kabi mavzularda o'zaro fikr almashildi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Janubiy Koreyaning Sejong shahrida tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab rahbariyati tomonidan vakillarimiz uchun seminar-trening o'tkazildi. Unda ta'lim muassasalarida boshqaruvni samarali yo'lga qo'yish, o'quv-tarbiya jarayonlarini zamonaviy usullarda tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish; ta'lim sifatini rivojlantirish va monitoring qilishda innovatsion yondashuvlar haqida so'z bordi.

Delegatsiya vakillari Kyovong universiteti qoshidagi Milliy kutubxonada faoliyati hamda kutubxonalarga o'quvchilarni ko'proq jalb qilish tajribasi bilan ham yaqindan tanishdi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi vakillari Koreyaning maktabgacha ta'lim va o'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirishdagi tajribasini o'rganish maqsadida "Handulmulbit" bolalar bog'chasi va "Sejong Jang Yonsil" yuqori litseyida ham bo'ldi.

Unda mas'ullar muassasalar faoliyati hamda yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirishdi.

O'zbekiston Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatsiyasining Janubiy Koreyadagi uchrashuvlari davom etmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish