Britaniya Parlamentida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha umumpartiyaviy guruh tashkil etildi
Iyul 17, 2025. 16:44 • 55 soniya
• 153
LONDON, 17-iyul. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya qonunchilik organida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha umumpartiyaviy parlament guruhi (APPG) tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ilk bor tashkil etilgan Parlament guruh raisi etib Britaniya Parlamenti Jamoatchilik palatasi a'zosi Pamela Koks tayinlandi.
APPG tarkibiga Britaniya Parlamenti palatalarining nufuzli 20 nafar vakili, jumladan ushbu mamlakat Bosh vazirining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan savdo bo'yicha maxsus vakili lord Olderdays va Parlamentning Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Emili Tornberrilar kirdi.
O'zbekiston elchixonasi diplomatlari APPG raisi Pamela Koks bilan uchrashdilar. Xorijiy tomon muloqot chog'ida Britaniyaning Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan O'zbekiston bilan munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
"Yangi tuzilgan ushbu guruh parlamentlararo muloqotni faollashtirish va tomonlarni qiziqtirgan sohalarda o'zaro manfaatli qo'shma loyihalarni amalga oshirishda qo'shimcha mexanizm sifatida xizmat qiladi", – dedi Pamela Koks.
Suhbat yakunida ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish bo'yicha mavjud salohiyatni to'liq ro'yobga chiqarishga qaratilgan amaliy qadamlarni jadallashtirish, xususan, APPG va O'zbekiston Oliy Majlisida tuzilgan Britaniya bilan do'stlik guruhi o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish taklifi qo'llab-quvvatlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi