Buxoro viloyati delegatsiyasi Hindistonning Karnataka shtatida samarali muzokaralar o'tkazdi
Noyabr 16, 2023. 10:21 • 2 daq
• 179
DЕHLI, 16-noyabr. /"Dunyo" AA/. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Hindistonning Karnataka shtatida amaliy tashrif bilan bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Bangalor shahrida ikki davlat ishbilarmon doiralari va tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida biznes-forum uyushtirildi. Unda Hindistonning farmatsevtika, to'qimachilik, axborot texnologiyalari va boshqa ilg'or sohalarida faoliyat yuritadigan 50 dan ortiq kompaniya rahbarlari qatnashdi. Shuningdek, o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo'nalishlarini belgilash masalalariga bag'ishlangan turkum muzokaralar tashkil etildi.
Samarali o'tgan muloqotlar yakunida qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
"MAM Minerals" kompaniyasi bilan hamkorlikda Peshko' tumanida grafitni qayta ishlash va yuqori qiymatli, import o'rnini bosuvchi mahsulotlar (elektromobil akkumulyatorlari) ishlab chiqarish loyihasini hayotga tatbiq etish masalalari o'rganildi. Hind kompaniyasining yaqin istiqbolda Buxoro viloyatidagi grafit konida tadqiqotlar olib borish uchun ishchi guruh yuborishi bo'yicha kelishuvga erishildi.
"Online Instruments" kompaniyasi bilan Buxoro viloyati hududida zamonaviy axborot displeylari ishlab chiqarish bo'yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Viloyatdagi maktablar va turli idoralarni mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan ana shu turdagi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash bo'yicha hamfikrlik bildirildi. Shuningdek, "Asharya" universiteti bilan hamkorlikda maktab o'qituvchilari va davlat tashkilotlari xodimlari ingliz tili va axborot texnologiyalari ko'nikmalariga o'rgatiladi.
Dunyoning eng yirik dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilaridan biri sanalgan IBM kompaniyasining Karnataka shtatidagi bo'linmasi bilan Qorako'l tumanida tashkil etilayotgan "Asharya-IT" klasterida yoshlarni IBM sertifikati asosida o'qitish, klaster negizida IBM kompaniyasining ofisi va laboratoriyasini tashkil qilishga kelishib olindi.
Buxoro viloyatida "Asharya" universiteti bilan yana bir qo'shma loyiha bajariladi. Hamkorlikda tashkil etiladigan yangi xalqaro maktabda yoshlarga ilg'or zamonaviy standartlar asosida ta’lim berish imkoniyatlari yaratiladi.
"National Travels" sayyohlik kompaniyasi bilan madaniyat va turizm yo'nalishlarida qo'shma loyihalar amalga oshirish, xususan, ziyorat turizmi doirasida Buxoroga sayyohlar oqimini ko'paytirish bo'yicha chora-tadbirlar ko'riladi. 2024-yil yanvar-fevral oylarida Buxoroning turizm salohiyatini yanada keng targ'ib qilish maqsadida mazkur kompaniya tomonidan hind yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda turistik agentliklari vakillaridan iborat delegatsiyaning ko'hna shaharga axborot safari tashkil etiladi.
Delegatsiyaning amaliy safari doirasida Hindiston tadbirkorlari bilan Buxoro viloyatida turli sohalardagi loyihalarga qaratilgan 15 ta Anglashuv memorandumi imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi