O'zbekiston oziq-ovqat va agrosanoat mahsulotlari Kyoln shahrida o'tgan "Anuga – 2025" xalqaro ko'rgazmasida namoyish etildi
Oktabr 19, 2025. 10:18 • 2 daq
• 61
KYOLN, 19-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi Germaniyaning Kyoln shahrida bo'lib o'tgan "Anuga–2025" ko'rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Kölnmesse" maydonida har ikki yilda o'tkaziladigan mazkur ko'rgazma bu yil "Barqaror o'sish" mavzusida tashkil etildi. Ko'rgazmada 200 ta davlatdan 8 mingga yaqin kompaniya va 140 ming nafar soha mutaxassislari qatnashdi.
Yurtimiz vakillari "Made in Uzbekistan" milliy stendida oziq-ovqat va agrosanoat sohalaridagi 25dan ortiq yetakchi mahalliy kompaniya bilan birga o'z mahsulotlarini namoyish etdi. Tadbirkorlar Yevropa sifat standartlariga mos qayta ishlangan meva-sabzavotlar, sharbatlar, quruq mevalar, yong'oqlar va boshqa turdagi mahsulotlarning keng assortimentini taqdim etdilar.
Ko'rgazma doirasida mezbon mamlakat hamda Italiya, Vengriya va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlarining yetakchi savdo tarmoqlari, distribyutorlari va agentlari bilan uchrashuv o'tkazildi. Jumladan, "Ledo", "Dovgan", "Delikatess GmbH", "Develey GmbH", "Bode Naturkost" va "Euras int BVBA – Premium Foods" va boshqa kompaniyalar bilan muzokaralar amalga oshirildi. Shuningdek, "Open Trade Gate Sweden", "BHEPA", "Nutrifit Food", "Fruit Fusion" va "Eurofins" vakillari bilan B2B shaklidagi uchrashuvlar o'tkazildi. Suhbatlarda O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Yevropa bozorlariga eksport qilishni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
"Anuga" ko'rgazmasi oziq-ovqat sanoati va savdosi uchun yetakchi xalqaro platforma bo'lib, biznes aloqalarini yo'lga qo'yish, yangi mahsulotlar va innovatsion yechimlarni taqdim etish, global trendlar bo'yicha muloqot maydoni vazifasini o'taydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi